Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirusdan vafot etgan shifokor Alisher Uralovning xonadoniga tashrif buyurdi. Bu haqda marhumning qizi Shahnoza Hasanova “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazir marhumning haqqiga duo qilib, oilasiga hamdardlik birdirgan.

“Alisher Shodmonov juda mulohazali inson ekanlar. Biz suhbatlashdik. Men hammasini qanday bo‘lsa shundayligicha aytib berdim. U eshitdi va vaziyatdan xabardor ekanini aytdi. U onam va mening salomatligim bilan qiziqdi”, — dedi Shahnoza Hasanova uchrashuv haqida.

Shuningdek, u otasining o‘limi uchun tovon puli 2 iyul kuni to‘lanishini ham ma’lum qildi.

Toshkentning Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi neyrofiziolog shifokori Alisher Uralov Toshkent viloyatidagi “O‘rtasaroy” karantin majmuasida ishlash vaqtida COVID-19 yuqtirib olgan edi. Uning qizi otasining karantin majmuasiga majburan yuborilgani, u yerdagi sharoitlarning qoniqarsiz ekanini ma’lum qildi. Tibbiyot xodimi 26 iyun kuni hayotdan ko‘z yumdi.

Prezidentning 26 martdagi qaroriga ko‘ra, COVID-19 bemorlari bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlari, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va boshqa xodimlar koronavirus yuqtirib olsa, bir martalik 100 mln so‘m miqdorida tovon puli oladi. Agarda kasallik og‘ir asoratlarga olib kelsa va salomatlikka tiklab bo‘lmas zarar yetkazsa, xodim yoki uning oilasiga 250 mln so‘m to‘lanadi.

Bundan tashqari, kompensatsiya olgan xodimlar salomatligi yomonlashgan yoki vafot etgan taqdirda, mehnat shartnomasi va qonun hujjatlari doirasida boshqa to‘lovlarni olish huquqini saqlab qoladi.