Prezident qarori bilan Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi davlat muassasasi negizida tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklidagi Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligining matbuot xizmati.

“Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining Kitob davlat geologiya qo‘riqxonasi davlat muassasasi hududidagi asrlar davomida shakllangan noyob tabiat yodgorliklari hamda xalqaro e’tirof etilgan „Zinzilban“ kesmasining geologiya fanida tutgan o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash, shuningdek, hududning geoturizm va iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Ta’kilanishicha, davlat qo‘riqxonalari tabiiy ob’ektlar va majmualarni muhofaza qilishning qattiq rejimiga ega bo‘ladi, uning hududida har qanday faoliyat taqiqlanadi (ilmiy-tadqiqot faoliyati va atrof tabiiy muhit monitoringini yuritishdan tashqari).

Shu bilan birga, tabiat bog‘larining hududlari zonalarga ajratilgan bo‘lib, ayrim zonalarida aholining istiqomat qilishiga, yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy ob’ektlar va majmualarga zarar yetkazmaydigan faoliyatiga yo‘l qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun, Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi 1979 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning hududi qariyb 4000 ga tashkil etadi. Qo‘riqxona hududida 168 turdagi hayvonlar, 800 turdagi o‘simliklar mavjud. Ulardan 10 tur hayvonlar, 22 tur o‘simliklar vakili “Qizil kitob"ga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kitob tumanida yangi geologiya milliy bog‘i tashkil etilishi haqida qaror loyihasi 2019 yili 14 noyabr kuni muhokamaga joylangandi. Unda, geologiya tabiat bog‘i Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi va geologiya tabiat bog‘i Kitob davlat geologik qo‘riqxonasining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanishi ko‘zlangan edi.