Farhod Shavkatovich Mahmudov O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

U 2019 yil sentyabridan Prezident administratsiyasi rahbarining ommaviy axborot vositalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Farhod Mahmudov. Foto: O‘zA.

Farhod Mahmudov (1973 y. t.) Toshkent davlat universitetini (1996) tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi jurnalist. 2008 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2018 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Farhod Mahmudov 1995 yildan buyon O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli lavozimlarda, jumladan, “O‘zbekiston 24” telekanali bsh direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2018−2019 yillarda OAV, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati bo‘yicha prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparati OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sho‘'basi mudiri Dilnoza Murodovna Ziyamuhamedovaga Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi. Avvalroq u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari markazi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Xayrulla Nuritdinov. Foto: Facebook.

2017 yil 21 avgustdan Milliy teleradiokompaniya raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Xayrulla Boqijonovich Nuritdinov esa “O‘zbekiston 24” telekanali direktori etib tayinlandi.

2017 yilning avgustida u bir necha kun “O‘zbekiston 24” telekanali direktori bo‘lib ishlagan, biroq keyin MTRK rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qaytgan edi.

Xayrulla Nuritdinov (1974 y. t.) 2006−2017 “Yoshlar” telekanalini ham boshqargan.

G‘ulomjon Samadov. Foto: Xalqaro press-klub.

G‘ulomjon Xursandovich Samadov Prezident administratsiyasi tadbirlar yoritilishini tayyorlash sho‘'basi mudiri etib tayinlandi.

2000−2006 yillarda u O‘zteleradiokompaniyada “Axborot” direksiyasi sharhlovchisi, muharriri, 2006−2014 yillarda — “O‘zbekiston” telekanali “Axborot” informatsion dasturi muxbiri, 2015−2016 yillarda — Ekoharakat Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi xodimi, so‘ngra uning koordinatori bo‘lib ishlagan. 2016−2017 yillarda “Toshkentagroservis” MCHJ bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan, 2017 yildan esa Xalqaro press-klub bosh prodyuseri sifatida ishlab kelmoqda.

Nosirjon Jamoliddinovich Jo‘rayev tahliliy materiallarni tayyorlash va Administratsiya bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘'basi yetakchi konsultanti lavozimiga tayinlandi. Avvalroq Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparati ommaviy axborot vositalari, televideniye va matbuotni rivojlantirish sho‘'basi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.