Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida Malibu va “VAZ 2101” avtomashinalari to‘qnashuvi oqibatida YTH sodir bo‘lgan. Buning oqibatida “VAZ 2101” rusumli avtomashinada yong‘in yuzaga kelib, salondagi ikki nafar shaxs hodisa joyida vafot etgan, deya xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

29 iyun kuni soat 23:30 da haydovchi 31 yoshli Z.T. Malibu avtomashinasini “Bandixon-Qiziriq” yo‘lining 81-kilometrida қaрaмa-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, 56 yoshli O‘.X. boshqaruvidagi “VAZ 2101” rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada “VAZ 2101” avtomashinasida yong‘in chiqib, haydovchi O‘.X. va old o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 50 yoshli A.J. avtomashina salonida qolib ketib, hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Qiziriq tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.