Sog‘liqni saqlash vazirligi 28−29 iyun kunlari aholi orasida aniqlangan koronavirus holatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

28 iyun sanasida mamlakatda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 29 iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi. Ikki kunlik ma’lumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.


Vazirlik eng ko‘p kasallik qayd etilgan Toshkent shahriga alohida to‘xtalib, jumladan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yashovchi Sh.G‘.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta’mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, “Megaplanet” savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik do‘koni ishchisi D.T.da, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Respublika o‘smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh. Sh.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) kasallik aniqlangan.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi U.R.da (Qozog‘istonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli murojaat qilgan), “Toshkent city” qurilish ob’ekti oshpazi M.M.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Respublika maxsus komissiyaning axborotiga ko‘ra, 1 iyul sanasidan boshlab respublikaning barcha hududlarida bir qator cheklovlar joriy etilib, karantin choralari kuchaytirilishi haqida xabar bergandik. Ushbu cheklovlardan biriga ko‘ra, “Qizil” va “sariq” hududlarda soat 07.00 dan 23.00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23.00 dan 07.00 ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi.