1 iyuldan xalq ta’limi tizimidagi ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari (5-sinf) va maktab-internatlari (7-sinf)ga 2020−2021 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabuli jarayoni boshlanmoqda, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining 5-sinfi uchun hujjatlar 1 — 31 iyul kunlari, 7-sinf uchun hujjatlar 1 — 20 iyul kunlari qabul qilinadi.

«Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga iqtidorli o‘quvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari (saralash tanlovi) natijalari asosida qabul qilinadi. Pandemiya sharoitini inobatga olib, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida hujjatlarni onlayn qabul qilish uchun sharoitlar yaratilmoqda», — deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘quvchilar qabuli bo‘yicha tanlovlar avgust oyida oliy ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari yakunlanganidan so‘ng o‘tkazilishi kutilmoqda. Bunda, mamlakatdagi karantin cheklovlari sababli saralash tanlovlarini o‘tkazish muddati o‘zgartirilishi mumkin.

Talab etiladigan hujjatlar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
  • tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
  • tibbiy ma’lumotnoma;
  • 3 x 4 hajmdagi 4 ta fotosurat.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ro‘yxati bilan XTV sayti orqali bilib olish mumkin.