1 iyul sanasidan boshlab respublikaning barcha hududlarida bir qator cheklovlar joriy etilib, karantin choralari kuchaytiriladi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborot bilan chiqdi.

Asosiy cheklovlar

1 iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida quyidagi cheklovlar joriy etiladi:

  • yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun yopiladi.
  • «Qizil» va «sariq» hududlarda soat 07.00 dan 23.00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23.00 dan 07.00 ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi.
  • «Qizil» va «sariq» hududlarda haftaning shanba va yakshanba kunlarida jamoat transporti harakati kamaytiriladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur talablarni buzgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Istisno tariqasida faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, homiladorligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi.

«Qizil reyslar» va investitsion viza

Respublika maxsus komissiyasining qo‘shimcha qilishicha, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan (qizil reyslar) O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga o‘z hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.

Xususan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan mehmonxonalar ularga tegishli ob’ektlarni 24 soat uzluksiz qo‘riqlash bo‘yicha Milliy gvardiya bilan shartnoma tuzadi. Ushbu mehmonxonalarda tibbiyot muassasalari tomonidan shartnoma asosida kundalik tibbiy xizmat tashkil etiladi.

Shu bilan birga, fuqarolar respublikaning xalqaro aeroportlari va chegara o‘tkazish punktlaridan mehmonxonalargacha yo‘l patrul xizmati vakillari kuzatuvi ostida transport vositalari bilan yetkaziladi.

«Bundan tashqari barcha yuqorida qayd etilgan talablarga qat’iy rioya etgan holda, karantin nazorati davrini o‘tkazish uchun mehmonxonalarda joylashtirish sharti bilan xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turoperatorlar va aviatashuvchilar tomonidan ham respublikaga yetkazib kelish reyslari tashkil qilinishiga ruxsat berildi», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonga karantin davrida investitsiya loyihalari doirasida vizasiz 30 kungacha kelishi mumkin bo‘lgan davlatlardan jalb qilingan mutaxassislar uchun: istisno tariqasida O‘zbekistondan hududidan chiqmasdan turib ishbilarmonlik kirish vizasi (biznes viza) olishga ruxsat beriladi.

Bemorlar toifalari va yangicha davolash tartibi

Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda:

  • koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Shu munosabat bilan joriy yil 5 iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilmoqda. Bu tartib quyidagicha bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda:

  • kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;
  • shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;
  • koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi;
  • birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;
  • aholining populyatsion ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibi ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.

Shuningdek, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar va karantinga olingan muloqotdagilarni yashash manzili bo‘yicha kat’iy nazorat olib boriladi.

Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan epidemiyalarga qarshi kurash talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Sanitariya-karantin cheklovlariga rioya etilishi ustidan nazorat

Xabarga ko‘ra, Quyidagi sanitariya-karantin cheklovlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi:

  • jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqob va qo‘lqopdan hamda antiseptik vositalaridan doimiy ravishda foydalanish;
  • yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslar salonlarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etish, shu jumladan, yo‘lovchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirish;
  • supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda fuqarolarni bepul tibbiy qo‘lqop bilan ta’minlash;
  • «sariq» hududlarda (soat 06:00 dan — 22:00 ga qadar) va «qizil» hududlarda (07:00 dan — 10:00 gacha, 17.00 dan — 20.00 gacha) avtotransoprt vositalarida harakatlanishga ruxsat berilgan vaqtdan boshqa vaqtlarda harakatlanmaslik;
  • to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish.

«Bunda, ushbu sanitariya va karantin cheklovlariga rioya etmaslik, shu jumladan, avtobus salonlarida sanitariya-epidemiologiya talablarini buzish, avtotransport vositalaridan ruxsat berilgan vaqtdan tashqarida foydalanish, jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlamaslik, uch kishidan ortiq yig‘ilish, tibbiy niqobdan foydalanmaslik, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibini buzish tegishli mas’ullar hamda fuqarolarga nisbatan epidemiyalarga qarshi kurash talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortiladi», — deyiladi xabarda.

Karantin cheklovlari sharoitida ruxsat berilmagan tadbirkorlik faoliyati (xostellar, tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari) bilan shug‘ullanmaslik Milliy gvardiya, Ichki ishlar, soliq organlari va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi tomonidan muntazam ravishda profilaktika tadbirlarini o‘tkazgan holda nazoratga olish va mazkur talablarni buzgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish ham belgilandi.

Shuningdek, Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirib-chiqish postlarida sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etish, shu jumladan, avtotransport vositalarini dezinfeksiyadan o‘tkazish talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi.