Toshkentda elektromobillar asosida taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirishmoqda. Buning uchun Xitoyning BAIC kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita turdagi modeldan iborat 500 dona — BAIC EU5 va BAIC EX360 rusumli elektromobillari yetkazib berildi, deya ma’lum qildi “Gazeta.uz"ga Yili Star-River Trade & Business kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy dileri vakili Azamat Rashidov.

Birinchi model — BAIC EU5 — sport haydash rejimiga, elektr to‘xtash tormoziga ega, shuningdek, kursni barqarorlashtirish tizimi bilan jihozlangan. Ikkinchi model — BAIC EX360 — ABS+EBD elektron tormoz kuch taqsimlagichiga ega g‘ildiraklarning antiblokirovka tizimi bilan jihozlangan.

Azamat Rashidovning so‘zlariga ko‘ra, eko-mashinalar atrof-muhitga zarar yetkazmaydi, batareyalar himoyalash tizimiga ega, xizmat ko‘rsatish muddati — 8 yil, agar qurilma buzilsa, uni zavodda almashtirish mumkin.

“Bir zaryad bilan [elektromobil] shahar sharoitida 419 km, magistral sharoitida esa 540 km yurishi mumkin. Avtomobil 53 kVt quvvatga ega batareyalardan foydalanadi. Bir kilometri 50−60 so‘mga to‘g‘ri keladi”, — deya ta’kidladi Azamat Rashidov Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida.

Har bir transport vositasi zaryadlovchi bilan birga keladi. Siz mashinaga uy sharoitida zaryad berishingiz mumkin — buning uchun 19 soat vaqt ketadi.

Bundan tashqari, 10 ta maxsus taksi stansiyalarini olib kelish rejalashtirilgan bo‘lib, ular sizga yarim soat ichida elektromobilni quvvatlash imkonini beradi. Elektromobil narxlari rusumiga qarab turlanadi — bojxona to‘lovlaridan tashqari 23 ming dollardan 25 ming dollargacha.