Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 iyundagi Kar-soqovlar madaniyat markaziga tashrifi O‘zbekiston Karlar jamiyatining (O‘zKJ) a’zolarini ilhomlantirdi va bundan buyon mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan chetda qolmasliklariga umid berdi. Prezident «O‘zbekistondagi har bir inson u uchun qadrli ekanligini» aytdi va o‘qituvchilarni, imo-ishora tili tarjimonlarini, pedagoglarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratishga, karlarga munosib ish o‘rinlari yaratishga chaqirdi.

Atigi 10 kun ichida umumiy maydoni 39 208 kv.m. bo‘lgan O‘zKJ hududida Karlar madaniyat markazi binosini rekonstruksiya qilish, ish xonalari va o‘quv xonalarini ta’mirlash, turli tadbirlarni o‘tkazish uchun 450 kishiga mo‘ljallangan konsert zalini jihozlash kabi keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, Karlar madaniyat markazi hududida uchta blokdan iborat tikuvchilik korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, ularning har biri kar va eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun maxsus 100 ish o‘rniga mo‘ljallangan edi.

Karlar uchun mo‘ljallangan uchta tikuv blokiga kim ega bo‘ldi?

Uchta tikuv blokining ochilishi hech bo‘lmaganda ishsiz kar va zaif eshituvchi kishilarning ayrim bir qismini yetarli darajada ish bilan ta’minlanishiga umid uyg‘otgan edi. Ammo xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Korxonalar ochilgan vaqtdan boshlab karlarni faqat bitta «A» tikuv blokiga ishga olishgan (rasmda futbol stadioni yonidan o‘ng tomondan), qolgan ikkita blok esa ular uchun yopiq bloki bo‘lgan. «A» blokida kar ishchilarning oylik maoshlar to‘lanishida kechikishlar paydo bo‘lgani sababli ishchilar tikuvchilik korxonasidan asta sekinlik bilan chiqib keta boshladilar.


Uchta tikuv sexi, yotoqxona binosi va Kar-soqovlar madaniyat markazi qarshisida futbol stadioni. Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Ammo, Prezidentning Karlar jamiyatiga tashrifidan to‘rt kun o‘tar-o‘tmas, 2018 yil 3 iyul kuni O‘KJ Markaziy boshqaruvi prezidiumining 22-sonli qarori 6-protokol bilan Kar-soqovlar madaniyat markazi Karlar jamiyatining tarkibiy bo‘linmalari balansida bo‘lgan «bo‘sh turgan hududlarni yo‘q qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish» maqsadida 1,2 gektar yer uchastkasini Toshkent shahar hokimiyati balansiga beg‘araz topshirdi. Aynan beg‘araz berilgan hududda uchta tikuv bloki tashkil qilingan edi.


Qorasaroy ko‘chasi 353-uyda joylashgan Kar-soqovlar madaniyat markazi yangi hududiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda kadastr hujjatlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangilangan kadastr hujjati Markazning o‘ng tomondan o‘ziga tegishli 1,2 ga hududni yo‘qotganligini ko‘rsatadi.

Keyinchalik aniqlanishicha, uchta blokning yangi egasi «A» blokida qurilish materiallari ishlab chiqarishni boshlagan turkiyalik tadbirkor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ishlab chiqarish binosi karlar yotoqxonasidan bir necha qadam narida joylashganligini hisobga olib, maqola mualliflari tadbirkorga karlarni ishga olishni taklif qilishdi, ammo tadbirkor buni qilishni xohlamasligini aytdi. G‘azablantiradigan narsa shundaki, «karlar shaharchasining» avvalgi hududida faoliyati olib borayotgan turkiyalik tadbirkor «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq karlar uchun ishchilar sonining kamida 3% hisobida ish o‘rinlarini zaxiraga olishni ham istamadi.

Natijada, tikuvchilik sexining tantanali ochilish marosimi prezident tashrifi uchun uyushtirilgan tomosha edimi? Biroq, Prezident ta’birlarida «ochko olishga intilish — bu xiyonat» ekanligi barchaga yaxshi ma’lum. Karlar jamiyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash o‘rniga Toshkent shahar hokimiyati karlarga tegishli hududni o‘z balansiga ikkilanmay qabul qildi. Ehtimol, kimdir bu harakatlarni e’tiborsiz qoldirishadi deb o‘ylagandir, chunki «kar-soqovlar» Jamiyat a’zolari baribir hech narsa eshitmaydilar va bu haqda hech narsa deya olmaydilar…

Maqola mualliflari Toshkent shahri hokimiyatidan ushbu holat yuzasidan izoh so‘rashgan.


2018 yil 29 iyundagi Karlar madaniyat markaziga Prezident tashrifi vaqtida tikuvchilar. O‘zini oshkor qilishni istamagan marosim qatnashchisi ma’lumotiga ko‘ra yashil kiyimda kar ayollar, qizil rangdagi kiyimda esa Yangiyo‘l tikuvchilik korxonasidan vaqtincha olib kelingan va prezident tashrifidan so‘ng darhol qaytarib olib ketilgan ayollar. Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Kar va eshitish qobiliyati chelkangan kishilarning ish bilan ta’minlanish holati bugun achinarli ahvolda. Karlar jamiyati o‘quv-ishlab chiqarish korxonalarida (O‘ICHK) butun mamlakat bo‘ylab atigi 250 nafar karlar ish bilan ta’minlangan va ularning ishi asosan ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga beriladigan buyurtmalarga bog‘liq. Ishsizlik tufayli ko‘p kar odamlar poytaxtning avtoturargohlarida norasmiy ishlarni bajarishga, chorrahalarda bayroqlar va kalit-uzuklar sotishga, yer osti o‘tish joylarida vazn o‘lchash xizmatlarini taklif qilishga majbur bo‘lmoqdalar.

Prezidentining 2018 yil 11 iyundagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi afsuski talablarga javob bermaydi. Nogironligi bo‘lgan odamlarni ishga joylashtirish uchun majburiy 3% kvota, shuningdek biznesni imtiyozlar bilan rag‘batlantirish amaliyoti foyda bermayapti. Hozirgi kunda ochiq mehnat bozoridagi diskriminatsiya hamda nogironlar tashkiloti qoshidagi o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari (O‘ICHK) barchani ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega emasligi sababli nogironligi bor odamlarning atigi 7 foizdan kamrog‘i ish bilan ta’minlangan.

Karlar sportini rivojlantirish sharoitlari yaxshilandimi?

Tikuv korxonalaridan tashqari ommaviy axborot vositalarida «sport zallarining yangilangani va 1800 kvadrat metr maydonga ega zamonaviy futbol maydoni qurilgani» ta’kidlangan edi. Ammo, O‘zbekiston Karlar Sport federatsiyasi (NNT) sport majmuasi ta’mirsiz qolgan va uni prezident tashrifi paytida ko‘rsata olishmagan. Sportzal binosini ta’mirlash bo‘yicha ba’zi ishlar amalga oshirilgani va shahar/tuman hokimligi vakillari tomonidan 2019 yil yozning ikkinchi yarmida nihoyat ta’mirdan chiqarilishiga va’da berilganiga qaramay hozirgacha hech bir o‘zgarish kuzatilmadi.

2019 yil 17 sentyabr kuni barcha muammolarni chetlab o‘tgan O‘zbekiston Karlar jamiyatining 90 yilligi nishonlandi. O‘shanda Olmazor tumani hokimi O‘zKJ rahbariyati va a’zolarini tabriklab, barcha binolar to‘liq ta’mirlanishini ta’kidladi. Ammo shu paytgacha noaniq sabablarga ko‘ra karlar sportmajmuasida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilgani yo‘q.


2019 yil oktyabr Karlar sport majmuasi avariya holatida. Muallif: Ma’mur Axliddinov

Sport majmuasining ayanchli ahvoli ko‘plab kar sportchilarning noroziligini keltirib chiqarmoqda — qishda mashq qila olmaydilar, sport majmuasining isitish tizimi avariya holatida, yuvinish xonalari ishlamaydi. 2017 yil U-18 kar jamoalar orasida futzal bo‘yicha jahon chempionlari kelajakka umidlarini yo‘qotmoqdalar. Axir ular hali yosh va xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lishda davom etishlari mumkin. Ammo bunday sharoitda jiddiy mashq qilishga kimda ham xohish va qiziqish qolishi mumkin?

Karlar jamiyati rahbariyatining harakatsizligi

23 mart kuni Ma’mur Axliddinov O‘zKJning Markaziy boshqaruviga Jamiyat va tegishli o‘quv-ishlab chiqarish korxonalarining tashkiliy va moliyaviy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot olish uchun murojaat qildi. Ariza rais kotibi tomonidan olinganligi tasdiqlanganiga qaramay, xatda ko‘rsatilgan savollarga javob olingani yo‘q. Bundan tashqari, O‘zKJ Markaziy boshqaruvi Ustavining dublikati bilan tanishish to‘g‘risidagi talab qoniqtirilgani yo‘q.

Agar o‘zlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun tashkil etilgan O‘zbekiston karlar jamiyatining a’zolari tashkilot faoliyati to‘g‘risida zarur ma’lumot ololmasa, unda Jamiyat kim uchun ishlayapti? Karlarning asosiy jamoat tashkilotida karlar jamiyati va eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lmagan O‘zKJ Markaziy boshqaruvi raisi Javoxir Rixsiyev o‘rtasida bo‘linish mavjud bo‘lib, eshituvchi rais kar faollarining noqulay savollariga e’tibor bermay kelmoqda.

Kar-soqovlar madaniyat markazi 1,2 gektar maydonni shahar hokimiyatiga tekinga bergani sabablari noaniqligicha qolmoqda. Agar O‘zKJ markaziy boshqaruvining fikriga ko‘ra, yer maydonlarni «ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish» sabibiga ko‘ra topshirilgan bo‘lsa, ayb qisman rahbarlarining mol-mulkni va karlarning ixtisoslashgan korxonalarini samarali boshqarish qobiliyatiga ega emasligda bo‘lishi mumkin.

Natijada, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo Umumjahon karlar federatsiyasining mintaqaviy kotibiyatining veb-saytida joylashtrilgan O‘zbekiston Karlar Jamiyatining yagona sahifasida ta’qidlanishicha «yillar davomida yaratilgan moddiy-texnik bazani, mulkiy va moliyaviy resurslarni saqlab qolishga» aksincha qodir emas.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilga kelib, mamlakatda 21600 dan ortiq eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ro‘yxatga olingan, ularning 5,700 ga yaqini ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘quvchilari. O‘zKJ markaziy boshqaruvi ta’kidlashicha, 16 yoshdan oshgan 10000 ga yaqin odamlar yoki mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan barcha kar odamlarning deyarli 47% Karlar jamiyatiga a’zo. Biroq, O‘zbekiston karlar jamiyati eshituvchi raisi o‘z tashkiloti a’zolarining huquq va manfaatlarini qay darajada samarali himoya qilaolishi degan savol ochiqligicha qolmoqda.

Mualliflarning fikrlari nashriyotning fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Ma’mur Axliddinov — O‘zbekiston Karlar jamiyati blogining muallifi, O‘zbekistonda kar va zaif eshituvchi odamlar uchun ta’lim, fan, sport va madaniyat mavzularini yoritadi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti (Buyuk Britaniya).