Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan qoraqalpog‘istonlik bemor o‘pka va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida yashovchi, 62 yoshli B.Ya. (erkak) joriy yil 10 iyun kuni Qozog‘istondan kelganligi sababli Karantin markaziga joylashtirilgan.

15 iyun kuni esa hamroh kasalliklari tufayli Yakkasaroy tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

19 iyun kuni unda koronavirus aniqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan hamda o‘tgan kunlar davomida reanimatsiya bo‘limida bo‘lgan.

Unga yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak, buyrak, jigar yetishmovchiligi kabi qator kasalliklar bo‘yicha tashxis qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 5 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli yetakchi shifokorlar, shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘pka va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Jizzaxda koronavirus infeksiyasidan vafot etgan 72 yoshli otaxonning turmush o‘rtog‘i ham COVID-19 asoratlaridan vafot etgani ma’lum bo‘lgan edi.