Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda “Zolotoy vek” gazetasi xabar berdi.

Ushbu unvon “mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona, qardosh, qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda, ko‘p yillik turkman-o‘zbek madaniy va gumanitar hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari, shuningdek, musiqa va qo‘shiqchilik san’ati hamda kasbiy mahoratini rivojlantirishda erishgan yutuqlari uchun” topshiriladi, deya ta’kidlanadi xabarda.

Ozodbek Nazarbekov ayni vaqtda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist va xalq artisti unvonlariga ega. Shuningdek, 2014 yilda u “El-yurt xurmati” ordeni bilan taqdirlangan.