Koronavirus pandemiyasi mamlakatda iqtisodiyoti va aholining turmush darajasiga qattiq zarba berdi. O‘zbekistonliklar uni qanday kechirishmoqda va davlat yordamlarining qaysi choralarini davom ettirish kerak? “Gazeta.uz” Jahon bankining katta iqtisodchisi va Markaziy Osiyoda kambag‘allik va tenglik masalalari bo‘yicha dastur rahbari Uilyam Zeytsning maqolasini taqdim etadi.

Boshqa mamlakatlardagi kabi, COVID-19 pandemiyasi O‘zbekistonning ham iqtisodiy barqarorligini jiddiy sinovlar ostiga qo‘ydi. Oqibatda, jahon iqtisodiyoti tarixdagi eng chuqur retsessiyalardan biriga uchradi. Jahon bankining tahlillariga ko‘ra, 2020 yilda umumjahon daromadlar darajasi 1870 yildan buyon ilk marotaba boshqa davrlarga nisbatan ko‘proq pasayadi. Pandemiya butun dunyo bo‘ylab 70 milliondan 100 million nafargacha odamlar o‘ta qashshoq bo‘lib qolishiga olib keladi. O‘zbekistonliklar uchun ushbu inqirozning hajmi qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” (Listening to Citizens of Uzbekistan, L2CU) tadqiqotini o‘tkazish davomida yig‘ilgan ma’lumotlar ushbu savolga javob beradi. Loyiha 2018 yildan beri Jahon banki tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan hamkorlikda aholining farovonligi va hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini baholash uchun amalga oshirilmoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ushbu inqirozning O‘zbekistonga jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirlarini ko‘rsatmoqda. Mazkur tadqiqot har oyda mamlakatning barcha mintaqalarida joylashgan 1500dan ortiq uy xo‘jaliklaridan to‘planadigan ma’lumotlarga tayanadi. Tadqiqot kasallik tarqalishni boshlagan vaqtdan olib borilayotganligini hisobga oladigan bo‘lsak, aprel va may oylarida to‘plangan ma’lumotlarni avvalgi davrlar bilan solishtirish mumkin. Shunda hozirgi inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini baholash mumkin bo‘ladi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatmoqda-ki, bandlik, daromadlar va aholi farovonligining boshqa ko‘rsatkichlari keskin yomonlashgan.

Jahon bankining hisob-kitobiga ko‘ra, kasallik tarqalishni boshlaganidan buyon kambag‘allik darajasi (odam boshiga kuniga 3.2 AQSH dollar miqdoridagi chegaraviy ko‘rsatkichni qo‘llagan holda) COVID-19 pandemiyasigacha bo‘lgan davrdagi 7.4 foiz bilan taqqoslaganda 8.7−10 foizgacha o‘sdi. Bu esa, shu yilning o‘zida yashash darajasining pasayishi oqibatida, qo‘shimcha kamida 448 ming fuqaro kamabag‘allikka uchrashi mumkinligini anglatadi. Bunday ko‘lamdagi inqirozdan to‘liq qutilib chiqish uchun O‘zbekiston jamiyatining barcha vakillaridan ulkan sa’y-harakatlar talab etiladi.

Pandemiyaning odamlar hayotiga ta’siri qanday bo‘ldi?


Butun mamlakat bo‘ylab millionlab fuqarolar, hech bo‘lmaganda vaqtincha, o‘z ishlaridan va daromadlaridan ayrildilar. L2CU tadqiqotining ma’lumotlariga ko‘ra, kamida bitta boquvchisi bo‘lgan uy xo‘jaliklarining ulushi aprel oyida 40 foizdan ortiq bandga tushib ketdi va may oyida normadan ancha pastroq darajada qoldi. Respondentlarning 12 foizi may oyida ishini yo‘qotganligi yoki to‘xtatganligi haqida xabar berishgan, bu ko‘rsatkich yil boshida 1 foizga teng edi.

Mehnat bozori holatining prognoz ko‘rsatkichlari ham xavotir o‘yg‘otmoqda. Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlar soni o‘tgan yilning xuddi shu davri bilan taqqoslaganda 75 foizga qisqardi, shuningdek turizm, restoranlar va ta’lim kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida esa 90 foizga qisqargan. Hattoki qurilish va transport kabi inqirozdan eng kam ta’sir ko‘rgan kasb yo‘nalishlarida ishchilarga talab ham 50 foiz va undan ko‘proqqa qisqargan.


Ma’lumotlar olx.uz xizmati tomonindan taqdim etildi.

Uy xo‘jaliklarining moliyaviy ahvoli tez sur’atda yomonlashib bormoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’molini kamaytirganligi to‘g‘risida xabar bergan respondentlarning soni aprel oyida 26 foizgacha ko‘tarildi, va 12 foizdan ko‘proq respondentlar oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli darajada xarid qila olmasliklarini ma’lum qilishgan. Respondentlarning 50 foizdan ortig‘i jamg‘armalari yo‘qligini, 40 foizi esa 100 ming so‘m miqdoridagi favqulotda harajatlarni ham to‘lay olmasliklarini ma’lum qildilar.

Savdo nuqtalarida mahsulotlarning yetishmasligi pandemiyaning ilk bosqichlarida jiddiy muammo bo‘ldi. Aprel oyida 16 foizdan ortiq fuqarolar mahalliy darajadagi shunday muammolar to‘g‘risida xabar berdilar. Ayniqsa non va un mahsulotlarini yetkazib berishda taqchillik ko‘proq kuzatildi. Vaziyat may oyida sezilarli ravishda yaxshilandi va taqchillik haqidagi xabarlar soni taxminan 6 foizgacha qisqardi.

Kasallik tarqalishni boshlaganida xalqaro mehnat migratsiyasi ham keskin to‘xtab qoldi, bu aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, chunki pul o‘tkazmalarining tezda qisqarib borishi kambag‘allik darajasi ortishining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Biron-bir miqdorda pul o‘tkazmalarini oluvchi uy xo‘jaliklarining ulushi aprel oyida o‘tgan yildagi xuddi shu davrga nisbatan 54 foizga qisqardi, may oyida esa bir oz tiklandi.

Ko‘pgina mavsumiy mehnat muhojirlari ishlarini yo‘qotdilar va uylariga qaytib keldilar. Aprel oyida oila a’zolari hozirgi kunda xorijda ishlayotgan uy xo‘jaliklari ulushi 13 foizgacha tushib ketdi (2019 yilda ushbu ko‘rsatkich taxminan 17 foiz bo‘lgan). Aprel oyida hanuzgacha xorijda qolayotganlar orasidagi faol bandlik 88 foizdan taxminan 73 foizga tushgan. Kelajakda mehnat migratsiyasi to‘g‘risida o‘ylayotgan odamlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 95 foizdan ortiq darajada qisqardi.

Ammo, ushbu salbiy xulosalar orasida ham kelajak uchun umid bildirishga asos mavjud. Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholining zaif qatlamlarini favqulotda qo‘llab-quvvatlash orqali eng jiddiy ta’sirlarning ko‘plarini yumshatishga yordam berdi. 3 million nafarga yaqin fuqarolar aprel va may oylarida bevosita davlat yordamini oldilar. Bundan tashqari, karantin choralarining yumshatilishi sari bandlik ham tiklanmoqda.

Respondentlarning maktablar yopilishidan keyin Xalq ta’limi vazirligi tomonidan boshlangan o‘quv dasturlarining teletrnaslyatsiya orqali davom ettirilishiga nisbatan javobi ham yetarli darajada ijobiy bo‘ldi. L2CU respondentlarining 69 foizi ko‘rilgan choralar bilan qoniqqanligini aytishgan. So‘rovnomada qatnashgan 70 foizdan ko‘proq ota-onalarning aytishicha, ular mazkur tele-darslar darajasidan qoniqishgan va ularning fikriga ko‘ra, so‘nggi darslar puxta o‘ylangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyoti, ehtimol, 2020 yilda qisqarmaydigan Yevropa va Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat bo‘lib qoladi. Kutilayotgan iqtisodiy o‘sish esa 2020 yilda 1,5 foizni va 2021 yilda 6,6 foizni tashkil qiladi.

L2CU tadqiqotining deyarli barcha respondentlari milliy iqtisodiyot o‘sishining istiqbollari borligiga ishonch bildirishgan va mamlakat siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning to‘g‘ri yo‘nalishida deya fikr bildirishgan.

Endi qaysi yo‘nalishda harakatlanish kerak?

Koronavirus pandemiyasining birinchi to‘lqini davom etayotgan vaqtda o‘sib borayotgan kambag‘allik darajalari bilan kurashyotgan siyosatchilar murakkab vazifa bilan to‘qnash kelmoqdalar. Karantin cheklovlari amalda bo‘lgan va kasallik yuqishi xatari yuqori bo‘lgan sharoitlarda bandlikni ta’minlash orqali daromadlarni ko‘tarish bo‘yicha an’anaviy dasturlar foyda bermayapti. Karantin davrida kambag‘allik bilan samarali kurash turlari asosan pul o‘tkazmalari, sug‘urta dasturlari, soliq va yig‘imlarni kamaytirish, hamda tabiiy ko‘rinishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish bilan cheklanib qolmoqda.

Bu kabi choralar, ularning cheklanganligiga qaramay, odamlarning iqtisodiy holatlari tez sur’at bilan yomonlashuvining oldini olish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Manzilli pul o‘tkazmalari ham hukumat tomonidan kiritilgan karantin choralariga rioya etish darajasini yaxshilashi sababli qo‘shimcha afzallikka ega. Pul o‘tkazmalari iqtisodiy chorasizlik sababli odamlarning xavfsiz ishni bajarishga majbur bo‘lmasliklarini kafolatlaganda, davlat tomonidan kiritilgan qoidalarga ko‘proq ishtiyoq bilan amal qilinadi.

Lekin yaqin muddat uchun hukumatlar ustuvor yo‘nalishlarni o‘zgartirishga majbur bo‘lishadi. Cho‘zilib ketgan ishsizlik karantin choralari yumshatilishi bilan jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mazkur bosqichda hukumat zudlik bilan mehnat bozorini qayta tiklash uchun choralar ko‘rishi lozim. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqda-ki, odamlar qancha uzoq muddatga ishsiz qolsa, ish topishda shuncha qiynaladilar. Shuning uchun, epidemiologik holatning sog‘liq uchun xavfi kamaygan zahoti, fuqarolar yana ish bilan ta’minlanishlari juda muhim.

Karantin choralarining yumshatilishi bilan iqtisodiy tiklanishni tezlashtirish uchun qo‘shimcha vositalar paydo bo‘lmoqda. Misol uchun, ko‘pgina mamlakatlar bandlikni rag‘batlantirish maqsadida kam maoshli ishchilarni yollashga ketuvchi sarf-harajatlarning bir qismini qoplash uchun byudjet mablag‘laridan foydalangan holda eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalarga mehnat haqi uchun subsidiyalar ajratishmoqda.

Ko‘pgina mamlakatlar, shuningdek, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga ko‘mak beruvchi tezkor “yutug‘i kafolatlangan” investitsiyalarga xarajatlarni oshirmoqdalar. Baxtimizga, kelgusi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab bunday loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan, va ularning amalga oshirilishini istiqbolda tezlashtirish mumkin. Boshlanayotgan iqtisodiy tiklanish — bu toza energiya manbalariga, yuqori talab mavjud hududlarda arzon uylarning qurilishiga, suvdan foydalanish tizimlari va kanalizatsiyaning samaradorligini oshirishga, shahar va qishloqlardagi infratuzilmalarni mustahkamlashga, hamda asosiy davlat va munitsipial xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiyalar kiritish uchun juda qulay vaqtdir.

Ammo, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi o‘sishining oldini olish uchun faqatgina ish joylarini tiklashning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Daromadi past bo‘lgan yoki inqiroz sababli umuman daromadsiz qolgan fuqarolarning ehtiyojlarini qondirish uchun ijtimoiy himoyani kengaytirish zarur bo‘ladi. Inqiroz davrida davlat yordamiga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularni samaraliroq aniqlash maqsadida mavjud ijtimoiy himoya dasturlarini kengaytirish lozim bo‘lishi mumkin.

Nihoyat, O‘zbekiston koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyor bo‘lishi kerak. Uy xo‘jaliklari inqirozdan o‘tib olish uchun foydalangan shaxsiy jamg‘armalari va boshqa manbalari so‘nggi oylarda keskin qisqardi. COVID-19 kasalligining yangi to‘lqini sodir bo‘lgan taqdirda ko‘plab fuqarolar davomiy inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siriga dosh berishlari qiyinroq bo‘ladi. Manzilli moliyaviy yordam va ishsizlik nafaqalarini to‘lash dasturlarini kengaytirish uchun o‘z vaqtida ishlab chiqilgan davlat siyosati O‘zbekistonning kelajakdagi ijtimoiy va iqtisodiy sinovlarga tayyorgarligini ta’minlashga ko‘mak beradi.