Buxoroda 1 iyuldan noma’lum muddatga qadar jamoat transportlari soni va harakatlanish vaqti vaqtincha cheklanadi hamda buyum bozorlari faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligining axborot xizmati xabar berdi.

Koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha viloyat komissiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, aholi orasida kasallik ortib borayotgani va Buxoro shahri “sariq” hudud toifasiga kiritilganligi asosiy sabablar sifatida keltirilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, keyingi 14 kun davomida aholi orasida kasallanish holati qayd etilmasa komissiya qarori bilan jamoat transportlari harakatlanishi va buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Respublika maxsus komissiyasi shahar va tumanlar bo‘yicha karantin darajalarini qayta ko‘rib chiqqani hakda xabar bergandik. Unga ko‘ra, Buxoro viloyatida shahar, tuman miqyosida karantin darajalari quyidagicha belgilangan:

“Yashil” hudud: Buxoro tumani, Olot tumani, Kogon shahar, Qorako‘l tumani, Peshku tumani, Romitan tumani, Kogon tumani, Qorovulbozor tumani.

“Sariq” hudud: Buxoro shahar.

“Qizil” hudud: Vobkent tumani, G‘ijduvon tumani, Shofirkon tumani va Jondor tumani.