27 iyun kuni Matiz va VAZ-2101 rusumli avtomobillar to‘qnashishi oqibatida ikki nafar kishi vafot etdi, deya ma’lum qildi Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida 27 iyun kuni taxminan soat 18.30 lar chamasida, tumanning «Achamoyli» mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-101 avtomobil yo‘lining 16 kilometrida, Termiz shahri «Do‘stlik» mahallasida yashovchi B.Sh. boshqaruvidagi Matiz harakatlanib borayotganida, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan, Qumqo‘rg‘on tumani «Arslonboyli» mahallasida yashovchi J.F. boshqaruvidagi VAZ-2101 rusumli avtoulovi bilan to‘qnashgan.

YTH natijasida Matiz yo‘lovchilari, Termiz shahrida yashagan J.M. va haydovchi B.Sh.ning qaramog‘idagi farzandi voyaga yetmagan N.N. «hayot uchun xavfli bilan og‘ir» tan jarohati olib, kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan 27 iyun kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.