Buxorolik koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan M.S. koronavirus infeksiyasida gumonlanib, joriy yil 21 iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.

U «Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, semizlik 3-darajasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Nafas yetishmovchiligi 3-daraja» tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemor (ayol) bundan avval, so‘nggi 8 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, arterial gipertoniya, yurak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli Buxoro viloyatidagi shifokorlar bilan bir qatorda mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislarining ham nazoratida bo‘lib, ular ishtirokida konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarimizning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.