O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi avvalroq koronavirus aniqlangan poytaxtdagi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining 52 yoshli shifokorining vafot etganini xabar qildi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, u shu yilning 14 iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Shu yilning 23 iyun kuni bemorning (erkak) ahvoli og‘irlashib, dastlab Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, so‘ng esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilanyotqizilgan.

26 iyunda esa yurak, nafas va o‘pka yetishmovchiligi kuzatilib, ahvoli og‘irlashganligi uchun reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari tomonidan bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

Biroq kardiolog, pulmonolog, terapevt, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.