«Tarbiya» yangi maktab fani bo‘yicha 6 million nusxaga yaqin darsliklar nashri o‘quv yili boshlanishidan 2,5 oy oldin Kolorpak xususiy bosmaxonasiga topshirildi. Avvalroq G‘afur G‘ulom nomidagi davlat nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan darslik chop etish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi, deya xabar beradi Daryo.uz.

2019 yil 23 avgustdagi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Milliy g‘oya», «Odobnoma», «Din tarixi» va «Vatan tuyg‘usi» fanlari uyg‘unligiga asoslangan «Tarbiya» fanining kiritilishi taklif qilingan edi. Dekabr oyining oxirida Xalq ta’limi vazirligi 2020−2021 o‘quv yillarida maktablarning 1−9-sinflarida va 2021−2022 yillarda 10−11 sinflarda yangi fanni joriy etish rejasini o‘z ichiga olgan hujjat loyihasini ishlab chiqdi.

«Gazeta.uz»ga o‘z ismini oshkor qilishni istamagan G‘afur G‘ulom ijodiy uyi xodimining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha o‘rta umumta’lim maktablarining 1-dan 9-sinflari uchun «Tarbiya» darsligi nashri bir nechta bosmaxonalarga bo‘lib berilgan edi. G‘afur G‘ulom nashriyoti 1, 2, 5 va 6-sinflar uchun darsliklar, Credo Print esa 3-sinflar va 4, 7 va 9-sinflar uchun O’zbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 8-sinflar uchun Sano-Standart bosmaxonasi darslik nusxalarini bosib chiqarishi ko‘zda tutilgan edi.

Yuqoridagi bosmaxonalar bilan shartnoma may oyida imzolangan. Ularning ba’zilari allaqachon 50% to‘lovni qabul qilishgan edi.

Daryo.uz saytining xabar berishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi Olmazor tumaniga tashrifidan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 1-dan 9-sinflar uchun «Tarbiya» darsligi, shuningdek, 5 va 8−9 sinflari uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» darsliklarini Kolorpak kompaniyasiga topshirish to‘g‘risidagi protokoli qabul qilingan. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ushbu bosmaxona bilan bir oy ichida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish topshirildi.

«Gazeta.uz» manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bosmaxonalar bilan tuzilgan barcha shartnomalar bekor qilinadi, avans to‘lovlar qaytariladi yoki boshqa darsliklar chop etilishi uchun yo‘naltiriladi (ba’zi nashriyotlarda musiqa, ona tili va boshqa fanlar darsliklari ham nashr etiladi). Endi bosmaxonalar Kolorpak bilan shartnomalar tuzishlari kerak bo‘ladi.

«Ish allaqachon boshlangan. 1−2-sinflar uchun darsliklar nashri va ularning maketini tuzish bizning zimmamizda edi. Shu bilan birga, 5−6 sinflar uchun darsliklar nashri bizda edi, maketini yaratish esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi O‘qituvchi ilmiy-uslubiy nashriyot markazi zimmasida edi. Biroq, O‘qituvchi faoliyati prezidentning farmoni bilan to‘xtatildi (2019 yil fevral oyida ikki qismga bo‘linganidan keyin — tahr.). Ehtimol, biz endi Kolorpak bilan birgalikda ishlarmiz. Ushbu bosmaxonaning sig‘imi yetadimi, yo‘qmi, bilmadim», — deya ta’kidladi «Gazeta.uz» suhbatdoshi.

XTV sharhi

«Tarbiya» darsligining yangi namunalari. Foto: XTV.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga ma’lum qilishicha, prezidentning Sergeli tumaniga tashrifi paytida XTVga maktab darsliklarining sifati, mazmuni, dizayni va jozibadorligini oshirish, shuningdek, 2020−2021 yillar davomida maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarining sifatini tubdan o‘zgartirish topshirildi.

Topshiriqning bajarilishini ta’minlash uchun Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti, Oksford universiteti, Germaniyaning Klett-Verlag va Hueber Verlag, Singapurdan Star Publishing, shuningdek, Koreya Respublikasi va Yaponiya nashriyotlari tomonidan nashr etilgan darslik, daftar, o‘quv qo‘llanmalari namunalari o‘rganib chiqildi.

XTV ma’lumotlariga ko‘ra dastlab «Tarbiya» fanidan darsliklar 1−3 va 5−6 sinflar uchun G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi tomonidan, 4, 7−9-sinflar uchun esa — O’zbekiston nashriyot-matbaa uyi tomonidan nashr qilinishi ko‘zda tutilgan edi (yuqorida nashriyotlar boshqacha bo‘lingan edi).

«Ammo bosmaxonalar o‘z ishlarini sust tashkil etishgan, darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida eskirgan ish uslublari saqlanib qolganligi aniq bo‘ldi. Bunday sharoitda „Tarbiya“ darsliklari yangi dizaynda, sifatli ranglar va qog‘ozlarda nashr etilmasligi xavfi bor edi», — deya ta’kidladi Xalq ta’limi vazirligi.

Kolorpak tomonidan «Tarbiya» va «Informatika va axborot texnologiyalari» darsliklarining namunalari xalqaro talablarga muvofiq tayyorlangan. «Bunday mahsulotni faqatgina zamonaviy chop etish texnologiyalari parkiga ega bo‘lgan Kolorpak MCHJ tez muddatlarda ishlab chiqara oldi», — deya ta’kidladi vazirlik.

Prezidentning Olmazor tumaniga tashrifi davomida yangi namunalar (muqova, qog‘oz turi va sifati, dizayn konsepsiyasi bo‘yicha nashr sifati) taqdim etildi va tasdiqlandi.

Topshiriq bo‘yicha Kolorpak «Tarbiya» va «Informatika va axborot texnologiyalari» fanlaridan 1−9-sinflari uchun 70 xil tiraj bo‘yicha 6 million nusxada darsliklar tayyorlash va nashr etish bo‘yicha bosh pudratchi sifatida XTV bilan shartnoma tuzishi belgilandi. Shartnomaning narxi hozircha noma’lum.

«Kolorpak MCHJ darsliklarni yagona dizayn va uslubda nashr etishga, ularning chop etilish texnik nazoratini ta’minlash va ularni aynan taqdimotda tasdiqlangan shaklda yaratish uchun javobgardir. Lozim bo‘lsa, u nashriyotlarga yangi formatdagi qog‘ozlarni yetkazib berish uchun ham javobgardir. Ta’kidlash joizki, ushbu qog‘oz hozirgi ishlatilayotgan qog‘ozdan farq qiladi va uning narxi arzonroq», — deya xabar berdi XTV.

Daryo.uz qayd etganidek, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, istisno tariqasida, 2020−2021 o‘quv yili uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini «bo‘sh», yengil qog‘ozda (zichligi 1 kv. m uchun 55−60 gramm, qalinligi — 1,6−2 sm3/g, yorqinligi — 86% dan yuqori, sellyuloza massasiga ega), shuningdek, qo‘shimcha chop etish formatlarida (hozirgi 60×90/8 dan tashqari) — 60×84/8 va 84×108/16 da chiqarishga ruxsat berdi. O‘quv qo‘llanmalaridagi matn va muqovalar o‘quvchilarning ko‘zlarini zo‘riqtirmaydigan bo‘lishi kutilmoqda.

XTVning ta’kidlashicha, yangi «Tarbiya» darsliklarini bir nechta bosmaxonalar o‘zaro hamkorlikda nashr etadi: Kolorpak va G‘afur G‘ulom nashriyot-matbaa uyi — 28 xil tiraj bo‘yicha 2,6 million nusxada, O’zbekiston nashriyot-matbaa uyi — 21 xil tiraj bo‘yicha 1,9 million nusxada, Sano-Standart — 7 xil tiraj bo‘yicha 650,7 ming nusxada, Zamin-nashr va Credo Print — 10 xil tiraj bo‘yicha 692 ming nusxada.

Bundan tashqari, Kolorpak 5 va 8−9-sinflar uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan darslik va o‘quv qo‘llanmalarini 42 xil tiraj bo‘yicha 2 million nusxada chop etish huquqiga ega bo‘ldi. Bu 2020−2021 o‘quv yilidagi darsliklar umumiy sonining 7 foizini tashkil etadi.

G‘ofur G‘ulom nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan kelishuv faqat «Tarbiya» darsliklarini tayyorlash va nashr etish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi, o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshiriladi, boshqa darsliklar nashri bo‘yicha esa ishlar davom etadi, deb ta’kidladi Xalq ta’limi vazirligi vakili.

Kolorpak kompaniyasi haqida

Kolorpak tomonidan «nol» qiymatdagi narhda sotib olingan bino. Loyihadan oldin va keyin. Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Korxonalar va tashkilotlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kolorpak matbaa uyi 2004 yil may oyida ro‘yxatga olingan. Daryo.uz e’tibor qaratganidek, 2018 yilda Kolorpak Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Yangi Shahar ko‘chasi 1A uyida sobiq bosmaxona tashkilotlari bino va inshootlarini sotib olgan. Bino UNICON.uz davlat unitar korxonasi tomonidan Kolorpak kompaniyasiga «nol» qiymatdagi narxda, 15 million yevro, shuningdek, 5 milliard so‘m investitsiya kiritish va 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan topshirildi.

Kompaniyaning ta’sischilari — Shuxrat Yoqubjonovich Axmedov (50%), Ismoil Irkinovich Isroilov (25%) va Abror Axrolovich G‘aniyev (25%). Xuddi shunday ulushlarda ular ZO’R TV teleradiokompaniyasiga ham egalik qilishadi.

Shuhrat Ahmedov «Vodiy sadosi» radiostansiyasining raisi bo‘lib, «Tasvir» nashriyot uyining («Tasvir» jurnali, «Optovik» haftaligi) 65 foiz, doimiy tarzda nashrlar va jurnallar chiqaradigan East Star Media ning 33 foiz ulushiga egalik qiladi (boshqa asoschilar — Firdavs Abduxoliqov, Baxtiyor Fozilov va Timur Rasulov). 2018 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Abror G‘aniyev Akfa kompaniyalar guruhi direktorlar kengashi raisi hisoblanadi, shuningdek u Pallada Investment va Perfect Plast Profil kompaniyalari aksiyalariga ega. Parlament saylovlaridan oldin u «Adolat» partiyasining siyosiy kengashiga a’zo bo‘lgan.

Ismoil Isroilov Whitecity Construction, High Land City, Technologi De Lavenir, Pro FM, Discover-Invest, Durable Beton, Techno Logistic Construction, Crystal Paint, Master Pack va boshqa kompaniyalarda ulushlarga ega. U ilgari Akfa Engineering and Management direktori va direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Kolorpak shuningdek A2 Digital kompaniyasi asoschisi sifatida qayd etilgan.

Darsliklarni nashr etish mexanizmi

XTV matbuot xizmatining xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi (PKM-239) va 2018 yil 30 martdagi (PKM-249) qarorlariga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish xizmatlari uchun narxlar va tariflar (XTVning maxsus tasdiqlangan ro‘yxatiga ko‘ra) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Endi narxlarni hisoblab chiqish darsliklarni nashrga tayyorlagan va mualliflik huquqi egasi bo‘lgan bosmaxonalar tomonidan e’lon qilinadi va darsliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olinadi.

Biroq, Prezidentning 2020 yil 16 martdagi (PP-4640) farmoniga binoan 1 sentyabrdan boshlab davlat buyurtmalari asosida nashriyot mahsulotlarini, shu jumladan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini chop etish va uni tayyorlash O‘zbekiston norezidentlariga ham ishtirok etish imkoniyatini berish bilan bir qatorda davlat xaridlari to‘g‘risidagi belgilangan qonun hujjatlariga muvofiq tarzda amalga oshiriladi. Ushbu tartib korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiydir.