AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tasdiqlangan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar 10 milliondan oshdi.

Qayd etilishicha, umumiy COVID-19 bilan zararlanganlardan 5,07 mln nafari mazkur infeksiyadan tuzalgan va 500 ming nafari esa vafot etgan.

Eng ko‘p koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar AQSHda qayd etilgan — 2,51 mln nafar bemorda. Ikkinchi o‘rinda Braziliya joylashib, hozirda mamlakatda 1,31 mln dan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Rossiyada esa 633 mingdan ortiq koronavirus holatlari tasdiqlangan.

Qo‘shni Qozog‘istonda 20,7 mingdan ortiq, Tojikistonda 5799 nafar, Qirg‘izistonda 4748 nafar va Afg‘onistonda 31 mingga yaqin koronavirus bemorlari aniqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni koronavirus pandemiyasini e’lon qilganida, dunyo bo‘ylab ushbu infeksiya bilan kasallanganlarning umumiy soni 118 minga teng edi. 2 aprel kuni esa bemorlar soni 1 mln dan oshgani e’lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 7725 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda mamlakatda 5240 nafar COVID-19 ga chalingan fuqarolar sog‘aygan va 2465 kishi davolanmoqda. Yigirma kishi hayotdan ko‘z yumgan.