“Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ (Uzcard) ga nisbatan olib borilayotgan o‘rganishlar bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bozorda ustun mavqega ega bo‘lgan “Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ tomonidan tijorat banklaridan olinadigan onlayn omonatlar xizmati uchun komissiyasini o‘rnatilishining maqsadga muvofiqligini o‘rganish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi qarori bilan tasdiqlangan tovar bozorida sotiladigan mulk, ish, xizmatlar uchun monopolistik jihatdan yuqori va past narxlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan qo‘mita tijorat banklariga tegishli onlayn omonat xizmatlari uchun komissiya tuzishga tegishli hisob-kitob materiallar va asoslarni talab qildi.

Unga ko‘ra, bugungi kunga kelib Uzcard dan so‘ralgan tegishli ma’lumotlar to‘liq berilmagani sababli, o‘rganish muddatini cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, agar, “Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ tomonidan so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmasa, “Raqobat to‘g‘risida” gi Qonunning 27-moddasiga binoan, mazkur xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ma’muriyati ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank may oyida Uzcard va HUMO to‘lov tizimlari orqali 10 trln so‘mdan ortiq to‘lovlar amalga oshirilgani haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, Uzcard onlayn-omonatlar bo‘yicha banklardan 0.25 foiz miqdorida to‘lov olishni boshlagani haqda ham xabar bergan edik.