Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida йўлda ketayotgan avtomashinani to‘xtatib, talonchilik qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar qildi IIV Tergov departamenti matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 23 iyun kuni soat 23:45 da 22 yoshli S.A. boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashinasida “Qo‘qon-Buvayda” avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Uchko‘prik tumani “Kaltatoy” qishlog‘i hududiga yetib kelgan vaqtida noma’lum shaxslar kul rangli Nexia-1 rusumli avtomashina bilan uni to‘xtatib, avtomashinasi salonida bo‘lgan 36,7 mln so‘m pullarini hamda bahosi 1,6 mln so‘mlik Redmi-7 rusumli uyali aloqa vositasini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida mazkur jinoyatni 32 yoshli M.A., 24 yoshli J.J., 21 yoshli J.Yu. va M.U. (ayol) sodir etganliklari aniqlanib, J.J. dan Redmi-7 rusumli uyali aloqa vositasi ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Uchko‘prik tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 166-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatni sodir etgan barcha shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.