Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 iyun kuni nishonlanadigan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrigi davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan bugungi murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramasdan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirish yo‘lida o‘z professional burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, jurnalistlar ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman”, — deyiladi xabarda.

Prezident tabrikda ta’kidlashicha, o‘tgan yil davomida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida o‘tgan bir yil davomida ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi.

“Eng asosiysi, ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratmoqda”, — deya qayd etildi tabriknomada.

Davlat rahbari ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida nafaqat yutuqlar, balki bir qator nuqsonlar ham mavjudligini aytib o‘tdi.

“Milliy media maydonimizda zamonning o‘tkir talab va mezonlari, eng muhim tendensiyalarini ochib berish, tanqidiy tahlil, odamlar kutayotgan mavzu va muammolarni dadillik bilan o‘rtaga tashlash hali ham yetakchi o‘rin egallamayotganini aytishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmog‘i yengil bo‘lgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda”, — ta’kidlanadi xabarda.

Yana bir muhim masala: ayrim jurnalist va blogerlarda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirmoqda, deyiladi tabriknomada.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi eng asosiy vazifa — “ana shunday kamchiliklarni chuqur o‘rganib, ularni bartaraf etish, mavjud miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini oshirishdan iborat”.

“Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi — xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson — u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar — ana shu qoidalarga amal qilishi shart”, — deyilgan tabrikda.

Shavkat Mirziyeyov bo‘lg‘usi jurnalistlar chuqur bilim va kasb mahoratini, ona tili bilan birga chet tillarni, faol fuqarolik pozitsiyasini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, notiqlik malakasini puxta egallashlariga alohida e’tibor qaratishi kerakligini bildirdi.

Xabarda aytilishicha, agar yuqori malakali kadrlar tayyorlashda “xalqimizning boy ma’naviy merosiga tayansak”, bu ish yanada samaraliroq bo‘ladi. Jadidlar merosi, shu jumladan bu yil 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan ulug‘ alloma va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiyning milliy jurnalistika maktabi ayniqsa muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan prezident O‘zbekiston jurnalistikasi va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun “yoshlarimizni milliy g‘oya ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan” Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiyani ta’sis etishni taklif qildi.

Shuningdek, tabrikda dunyoning etakchi media-kompaniyalarining kadrlar tayyorlash va ular bilan ishlash sohasidagi tajribasini chuqur o‘rganish, xorijiy jurnalistlar bilan tajriba almashish va ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlanadi.