Ombudsman Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov Andijonda sodir etilgan noxush voqea masalasida Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlarga munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqaro A.Abdukarimov qiynoqlar oqibatida yetkazilgan tan jarohatlari natijasida vafot etgandi. Ayni paytda marhum A.Abdukarimovga nisbatan sodir etilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari shaxsan Bosh prokuror nazoratida olib borilmoqda.

O‘z o‘rnida, 25 iyun kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov o‘z chiqishida Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga tanqidiy fikrlar bildirgan.

«Xodimim Andijonga bordi. Marhumning oilasida bo‘ldi. Oila a’zolari undan nimani so‘rashganini bilasizmi? «Bizni blogerlar qiynab yuborishdi. Bizning qayg‘umizdan ular nima qilishmoqchi ekanini bilasizmi? Nima qilishmoqchi ekanliklarini bilmaymiz. Bizlarni blogerlardan himoya qiling. Lekin meni Ombudsmanning mintaqaviy vakilining javobi ranjitdi. Mening xodimim unga «Siz shu viloyatda vakilsiz, nega siz hech qanday choralar ko‘rmadingiz», deb so‘raganda, u «Menga [marhumning] oila a’zolaridan hech kim murojaat qilmagan», deya javob bergan. Bu nima degan javob?! Mening fikrimcha, bunday holatga munosabat bildirish Ombudsmanning birinchi navbatdagi vazifasidir», — deya Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga nisbatan tanqidiy fikr bildirgan.

O‘z o‘rnida, Ombudsman bildirilgan ushbu tanqidiy fikrlar o‘rinli emasligi va ushbu holat haqida xabar tarqagach tashkilot uni o‘rganib, alohida nazoratiga olganligini hamda bu paytda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi jim turganiga ishora qildi.

«Marhum A.Abdukarimov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilgan tan jarohati natijasida vafot etganligi haqida internet nashrlarida xabar tarqagach, ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan o‘rganilib, alohida nazoratga olindi va 14 iyun kuni Ombudsman tomonidan munosabat va marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirildi. Qolaversa, Vakil tomonidan ushbu salbiy holat yuzasidan „Gazeta.uz“ hamda Uzreport va O‘zbekiston 24 jurnalistlariga intervyu berildi. Bu paytda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz jim edi (saytlarda berilgan munosabatlar sanasidan bilish mumkin). Buning uchun, avvalo, jurnalistlar, internet nashrlari va blogerlarga minnatdor bo‘lishimiz kerak. Davlat rahbarining irodasi bilan mamlakatimizda bugun so‘z va fikr erkinligi qaror topdi. Bu esa inson huquqlarini himoya qilishdagi O‘zbekistonning eng katta yutug‘idir», — deyiladi Ombudsmanning xabarida.

«Bu muhim emas! Muhimi Andijondagi voqeaga hammamiz aybdormiz! Ichki ishlar ham, Ombudsman ham, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ham! Eng muhim xulosa, bunday holat boshqa takrorlanmasligi lozim. Inson huquqlari uchun hammamiz mas’ulmiz!», — deya o‘z xabarini yakunladi Ombudsman.

Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu salbiy holat vujudga kelishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish va kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan milliy preventiv mexanizm doirasida Ombudsmanning Mintaqaviy vakili, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati hamda «Yuksalish» umummilliy harakatining Andijon viloyati bo‘yicha vakillari ishtirokidagi ekspert guruhi tarkibida Andijon viloyatida joylashgan bir qator ichki ishlar bo‘limlari, shaxslar ushlab turilgan, o‘z erki bilan chiqib keta olmaydigan joylar va tergov hibsxonasida joriy yilning 22−23 iyun kunlari monitoring o‘tkazilgan.

Monitoring jarayonida ekspert guruhi a’zolari marhum A.Abdukarimov yashab kelgan xonadonga tashrif buyurgan va uning yaqin qarindoshlariga hamdardlik bildirishdi. Tashrif jarayonida ombudsman xodimlariga marhum A.Abdukarimovning singlisi M.Ibragimova jinoyat sodir etgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.