AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning yangi chop etilgan «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room where it happened: A White House Memoir) nomli kitobi ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Oq uy ushbu kitobning chop etilishi bilan ko‘plab davlat sirlari oshkor bo‘lishi mumkinligi haqida qayg‘urayotganini ma’lum qilgan edi. Donald Tramp esa o‘z maslahatchilariga ushbu kitobning chop etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytgan.

AQSH kitob do‘konlarida Boltonning kitobi sotuvga chiqarildi. Foto: RIA Novosti

Bu masala yuzasidan prezident administratsiyasi hattoki sudga ham murojaat qilgan, lekin sud Jon Boltonning kitobi bosib chiqarilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sud qaroriga ko‘ra, Boltonning kitobida maxfiy ma’lumotlar bo‘lsa, u jinoiy javobgarlikka tortiladi.

«Boltonning yomon taqrizlar olayotgan kitobi yolg‘on va o‘ylab topilgan hikoyalar yig‘indisidir, ularning bari meni yomon qilib ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan. Menga taalluqli deb berilgan ko‘plab g‘alati bayonotlar hech qachon aytilmagan, to‘liq safsata. Uni xuddi ko‘ppak kabi ishdan haydaganimiz uchun javob qaytarmoqchi xolos», — deydi Donald Tramp o‘z tvitida.

Yana boshqa bir tvitida, Tramp Boltonni qamoqda o‘tirishi kerakligini, yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarni foyda uchun oshkor qilganligi sababli pullari tortib olinishi kerakligini aytgan. "Men uni kechirgan edim — bu nohaqlik bo‘ldi!" — deydi Tramp.

AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo Boltonning kitobi haqida shunday izoh bergan: «Biz Edvard Snoudenga o‘xshab odamlar maxfiy ma’lumotlarni e’lon qilganlarida nima bo‘lishini ko‘rganmiz. Jon Boltonning ishi bundan farq qilmaydi. Biz kerakli choralarni ko‘rishni Adliya vazirligiga qoldiramiz, lekin bunday ma’lumotning paydo bo‘lishi haqiqiy xavf uyg‘otadi».

O‘ngdan chapga: Jon Bolton, Maykl Pompeo, Donald Tramp

Bolton o‘zining kitobining Edvard Snouden ko‘rsatmalariga taqqoslanishini «safsata» deb atadi. U Oq uyni tark etganidan so‘ng maxfiylik rejimi talablariga ko‘ra barcha xizmat qaydlarini yo‘qotganini va memuarlarni faqat xotiralari asosida yozganini aytdi.

Bolton 2019 yil sentyabrdagi iste’fosi to‘g‘risida gapirar ekan, Trampning Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati yetakchilarini Vashington yaqinida joylashgan Kemp-Devid rezidensiyasiga kelishuv imzolash uchun chaqirmoqchi bo‘lgani uning sabrini so‘ndirganini ta’kidladi.

«Menga bu uchrashuvlar [tolibon bilan — tahr.] kerak emas edi, kelishuv imzolashni ham xohlamayotgan edim, endi esa biz ikkalasini ham amalga oshirishimiz mumkindek tuyulardi», — deya eslaydi Bolton ushbu uchrashuvlar tayyorgarliklari haqida. Oxir-oqibat uchrashuvlar bo‘lib o‘tmadi.

Rasmiy Moskva Boltonning kitobi borasidagi muhokamalarga Rossiya amaliyotida ushbu kitobda berilgan ma’lumotlarning katta qismiga xizmat yuzasidan foydalanishga mo‘ljallangan materiallar sifatida qaraladi, biroq bu Moskvaning ishi emas, deya izoh berdi.

Memuarlarda Jon Boltonning Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan o‘tkazgan muzokaralar, Oq uyning Ukrainaga nisbatan siyosati, Trampning Rossiyaga munosabati va boshqa hodisalar haqidagi xotiralari keltirilgan.

Jon Bolton Shimoliy Karolinaning Dyuk universitetidagi chiqishida «Bu tarixni yozib qoldirish bo‘yicha urinish va men qo‘limdan keladiganini qildim. Senzuradan keyin nima chiqishini ko‘ramiz», — deya ta’kidlagan edi.

«Gazeta.uz» ushbu memuarlarda keltirilgan muhim mavzular bo‘yicha asosiy fikrlarni taqdim etadi.

Rossiya va Putin bilan munosabatlar haqida

Boltonning yozishicha, Tramp prezidentligi davomida xalqaro arenada aniq strategiya yuzaga kelmagan. «Tramp qandaydir global strategiya yoki umumiy trayektoriya [tartib — tahr.] asosida ish tutgani yo‘q. Uning fikrlashi bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan nuqtalar zanjirini eslatardi, misol uchun ko‘chmas mulklar bo‘yicha kelishuvlar to‘g‘risida biz [administratsiyada Trampning xohishlarini — tahr.] aniqlashimiz va aniq choralarni tayyorlashimiz [ushbu xohishni hayotga tatbiq etish uchun — tahr.] kerak edi», — deya ta’kidlaydi Trampning sobiq maslahatchisi.

«Tramp Rossiyaning AQSH siyosatiga aralashuvini tan olish 2016 yildagi ishlarda u Rossiya bilan til biriktirganini bilvosita tan olishni anglatadi deb o‘ylardi», — deb yozadi Bolton. AQSH siyosatiga aralashuv masalasi fonida, amerikalik siyosatchilar rossiyalik diplomatlar bilan aloqa qilmay qo‘yishgan. «Antonov [Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov — tahr.] yolg‘iz odam edi, chunki Vashingtondagi odamlar rossiyaliklar bilan gaplashib, jamiyat e’tiboriga tushib qolishdan qo‘rqardilar», — eslaydi Jon Bolton. AQSH maxsus prokurori Robert Myuller tomonidan olib borilgan ishda rasmiy Moskva 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida aralashganlikda ayblangan edi.


Tramp bilan Putin 2018 iyulida Xelsinkida uchrashganida, muloqot davomida 90 foiz Putin gapirgan va Tramp asosan eshituvchi vazifasini bajargan, deya ta’kidlaydi Bolton o‘z kitobida. Uning aytishicha, ikkala tomon ham asosan rossiyalik va amerikalik biznesmenlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va muloqot o‘rnatish imkoniyatiga katta e’tibor qaratishgan. Tramp maslahatchsining fikriga ko‘ra, bunday tashabbuslar amalga oshishi qiyin bo‘lgan, chunki «AQSHda Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy botqog‘iga sho‘ng‘imoqchi kompaniyalar ko‘p emas edi». Boltonning memuarlarida yozilishicha, AQSH va Rossiya vakillarining ko‘p sonli uchrashuvlarida odatda munosabatlardagi xatarlarni kamaytirish masalasi muhokama qilingan, lekin dialogda sifatli o‘zgarishlar yuz bermagan.

Tramp Putin haqidagi o‘z shaxsiy fikrlarini Bolton bilan bo‘lishmagan. «Men undan Putin haqida qanday fikrda ekanligini so‘ramaganman: ehtimol, eshitishim mumkin bo‘lgan narsadan qo‘rqqanim uchundir. Putin bo‘yicha uning shaxsiy munosabatlari men uchun jumboqligicha qoldi», — deydi u.

Jon Boltonning yozishicha, Putin Moskvaning milliy manfaatlarini juda yaxshi tushunadi, shuning uchun uni Tramp bilan birga-bir qoldirish mumkin emas edi.

Si Szin Pindan so‘ralgan «yordam»

Tramp Si Szin Pin bilan savdo bo‘yicha muzokaralar davomida yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlariga to‘xtalib, Xitoyning saylovoldi kampaniyasiga ta’sir qilish uchun iqtisodiy salohiyati borligiga sha’ma qilgan, Si Szin Pindan Trampning g‘alabasi uchun yordam ko‘rsatishini so‘ragan, deya ta’kidlaydi Bolton. «Men Trampning aniq so‘zlarini bosib chiqarar edim, lekin davlatning bosmadan oldingi ko‘rib chiqish jarayonidan bu so‘zlar o‘tmadi».


Boltonning memuarlarida Tramp Si Szin Pin bilan muzokaralarda ZTE va Huawei kabi Xitoy kompaniyalarga bosimni kamaytirish yoki to‘xtatishni taklif etganligi ham yozilgan.

Shimoliy Koreya bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqida

Bolton o‘z memuarida Trampga Shimoliy Koreya, Eron va Venesuela kabi davlatlarga nisbatan diplomatiya yo‘li bilan emas, balki kuch ishlatish yo‘li bilan harakat qilish kerakligini aytganini ma’lum qiladi. Misol uchun, Tramp Eron Amerikaning uchuvchisiz dronini urib tushirgani uchun o‘ndan yuz kishigacha tinch aholi qurbon bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumni amalga oshirish bo‘yicha buyruq bermagani uchun Bolton ushbu qarorni «noratsional» deb baholaydi.

Shimoliy Koreya masalasida esa, Bolton Trampning asosiy maqsadi faqatgina tarixda birinchi marotaba Vashington va Pxenyan rahbarlarining uchrashuvini o‘tkazish bo‘lganligini ta’kidlaydi. AQSH prezidentining so‘zlarini eslab, uning sobiq maslahatchisi shunday yozadi: «U muhim ahamiyatga ega bo‘lmagan kommyunikeni imzolashga, g‘alaba haqida bayonot berish uchun OAV bilan uchrashib, shahardan chiqib ketishga tayyor edi».

Foto: Dong-A Ilbo via Getty Images

Boltonning shaxsiy fikriga ko‘ra, Shimoliy Koreyaga nisbatan harbiy hujum uyushtirish Tramp administratsiyasi uchun eng maqbul variant bo‘lgan.

«Men Shimoliy Koreyaning yadroviy va ballistik raketalari dasturiga qarshi ogohlantiruvchi zarba qanday va nima uchun qo‘l kelishini; biz demilitarizatsiya qilingan zonaning shimolida joylashgan Pxenyan artilleriyasiga qarshi ommaviy odatiy bombalarni ishlatib, qurbonlar sonini kamaytirish mumkinligini; va, Xitoyning dramatik tarzda harakat qilmasligini nazarda tutib, AQSH oldida yoki Shimolni yadroviy qurol bilan qoldirish yoki harbiy kuch ishlatish tanlovlari qolayotganini tushuntirgan edim», — deya ta’kidlaydi Jon Bolton.

Bolton milliy xavfsizlik maslahatchisi sifatida Donald Trampning Kim Chen In bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga bo‘lgan harakatlarini to‘xtatishga harakat qilgan, deyiladi Vox nashri taqrizida.

Yevropadagi ittifoqdosh davlatlar va NATO haqida

Bolton o‘z memuarlarida Trampning Germaniya, Yevropa Ittifoqi va NATOga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘lganini yozadi. Xususan, AQSH prezidenti Germaniya kansleri Angela Merkel bilan suhbatda Nord Stream quvurlarini qurishga ruxsat berib, Germaniya «yirtqich hayvonni boqayotganini» ta’kidlagan. NATO mamlakatlari doim Vashingtondan Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishni so‘raydilar, nemislarning o‘zlari esa Nord Stream 2 uchun «Rossiyaga millard dollar to‘lashmoqda», deya norozilik bildirgan Tramp. «Tramp Rossiya barchamizni ahmoq qilayapti deb o‘ylardi», — deb yozadi Bolton.

Maslahatchilari bilan bo‘lgan suhbatlarda Tramp agar Nord Stream loyihasi amalga oshsa, NATOdan chiqib ketish bilan qo‘rqitgan. «Tramp Germaniyani Rossiya qo‘liga tushib qolgan deb hisoblashi ko‘zga ko‘rinar edi», — deb eslaydi Bolton. Uning ta’kidlashicha, Amerika prezidenti NATOdagi ittifoqdosh davlatlarni o‘z mudofaalariga kam mablag‘ sarflaganliklari uchun doimo tanqid qilib kelgan. Merkel Germaniyaning harbiy xarajatlari 2030 yilga kelib YAIMning 2 foizini tashkil etishi bo‘yicha prognozlarni e’lon qilganida, Tramp bundan norozi bo‘lgan.

Yevropadagi asosiy ittifoqdosh davlat sifatida Bolton Niderlandiya davlatining bosh vaziri Mark Ryutteni aytadi. «Ryutte Trampning pozitsiyasini doimo to‘g‘ri deb baholaganini va u [hamkorlarning NATOga xarajatlarini oshirish masalasida — tahr.] vaziyatda kechiktirib bo‘lmaslik hissini yarata olganini ta’kidlagan», — deyiladi Boltonning memuarlarida.

Trampning Ukrainaga bo‘lgan munosabati

Boltonning memuarlarida Ukrainaning sobiq prezidenti Petr Poroshenko AQSHdan 2019 yilgi prezidentlik saylovlarida uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashni hamda biznesmen Igor Kolomoyskiyga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni so‘ragani aytiladi. Bolton ushbu iltimoslarni rad etganini yozadi: «Men Poroshenkoga agar Kolomoyskiyga qarshi dalillari bo‘lsa, Adliya vazirligiga taqdim etishi kerakligini aytdim», — deya eslaydi u.

Jon Bolton va Ukrainaning sobiq prezidenti Petr Poroshenko

Boltonning yozishicha, Tramp Ukrainaga nisbatan borgan sari negativ munosabatda bo‘lishni boshlagan, chunki u o‘zining advokati Rudolf Julianining Ukraina 2016 yilgi saylovga aralashuvlar voqeasiga aloqadorligi bo‘yicha farazlariga ishongan. «Nafaqat menga, balki Milliy xavfsizlik kengashidagi Rossiya va Yevropa bo‘yicha direktor Fiona Xillga ham Tramp Julianining rossiyaliklarning saylovga aralashuvi haqidagi hikoyalarni mamlakat ichidagi raqiblari tomonidan o‘ylab topilgani va Ukraina ushbu rejalarning qismi bo‘lganligi haqidagi fikrini to‘liq qabul qilgani yaqqol ko‘rinib turardi», — deydi Trampning sobiq maslahatchisi.

«Ular menga hujum qilishdi…Ular korrupsionerlar, men ular bilan hech qanday ish olib bormoqchimasman», — Bolton Trampning so‘zlarini keltiradi. Shundan so‘ng, AQSH prezidenti Ukrainaga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan 250 mln dollar hajmidagi harbiy yordamni muzlatib qo‘yadi. Tramp Boltonga ushbu qarorini Kiyevga yordam uchun pul to‘lamoqchi emasligi bilan tushuntiradi. U bunday yordam uchun NATO to‘lashi kerakligini, chunki Yevropada bundan ko‘proq manfaatdor bo‘lishini aytgan, deyiladi memuarlarda.

Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda

«Stoltenbergga [NATO bosh kotibi — tahr.] telefon qil va u NATOni to‘lashga majbur qilsin», — deya buyruq bergan Tramp o‘zining vitse-prezidenti Maykl Pensga, Boltonning xotiralariga ko‘ra. Tramp Rossiya bilan muloqotlarda Ukraina to‘siq bo‘layotgani borasida ham shikoyat qilgan.

Putin Ukraina mavzusida amerikaliklar bilan muzokaralarda qattiq pozitsiyaga ega edi va mojaroning siyosiy va harbiy tomonlari to‘g‘risida Rossiyaning qarashlarini aniq tushuntirib berar edi, deya ta’kidlaydi Bolton. «U AQSHning Ukrainaga harbiy uskunalarni sotishi noqonuniyligi va bu mojaroni hal etishning yaxshi yo‘li emasligini aytardi», — deya eslaydi Trampning sobiq maslahatchisi.

Boltonning memuarlarida yozilishicha, Putin Obamaning 2014 yildagi aniq pozitsiyasini tariflab bergan. «Agar Rossiya Qrim anneksiyasidan keyinga o‘tmasa, Ukrainadagi konfrontatsiya hal etiladi. Lekin qandaydir sababga ko‘ra Obama o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va biz hozirgi holatga tushib qoldik», — deya Putinning so‘zlarini keltiradi Bolton.