25 iyun kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev hududning ijtimoiy hayotiga oid ko‘plab savollarga javob qaytardi.

Jumladan, So‘xdagi voqealar va viloyatdagi ishsizlik haqidagi savollarga javob berar ekan, viloyat hokimi Chashmadagi holatni So‘x voqealari deb atalishiga qarshi ekanini bildirdi. “Biz qirg‘izlar bilan doimo do‘st va inoq bo‘lganmiz. Ayni kunlarda So‘xda juda katta ishlar boshlangan. Birgina so‘xlik yoshlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun 500 ta kvota ajratilganining o‘zi ham katta voqeadir. Ertaga shu oliy ma’lumotli kadrlar tumanga kelib, mehnat qiladi. Taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi. Tumanda hozirga qadar 2500 dan ortiq ishsizlarning bandligini ta’minlashga erishildi”, — dedi viloyat hokimi.

“Ishsizlik har qadamda uchrashi mumkin. Hayotda birovga yukim tushmasin, deydiganlar ham ko‘p. Asosiysi, ish va daromad topish insonni o‘ziga bog‘liq. Yaqinda internetda Farg‘ona viloyatida 84 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar bor, degan xabar tarqaldi. Ammo bu hech qanday asosga ega emas. Ishsizlikni bartaraf etish, bu — kambag‘allikni qisqartirish, deganidir. Viloyatimizda har yili 60−65 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Demak, oldimizda katta vazifalar bor”, — deya ta’kidladi Shuhrat G‘aniyev.

“Maddohlik bajarmagan ishni gapirishdir. Mening o‘z prinsipim bor. Kam gapirib, ishda o‘zini ko‘rsatish kerak. Qaysidir ishni bajarib tashlayman, degan va’dalarga ishonmayman. Barcha ishlar so‘zda emas amalda bo‘lishi kerak”, — dedi viloyat hokimi maddohlik haqidagi savolga javob berar ekan.

Shuningdek, viloyat rahbariga pora taklif qilish bilan bog‘liq savol ham bo‘ldi.

“Agar men pora olganimda shuncha muddat viloyat rahbari bo‘lib ishlamas edim. Xulosa o‘zingizdan” — deya javob berdi viloyat hokimi.

Obuna davri haqida to‘xtalar ekan, Shuhrat G‘aniv mavsum arafasida viloyat hokimligiga markaziy gazeta va jurnallardan juda ko‘plab xatlar kelishi, ularning barchasida yordam berish so‘ralishini ta’kidladi. “Men umuman majburiy obunaga qarshiman. Biz mahalliy hokimliklarga, tashkilot va korxonalarga tavsiya berishimiz mumkin. Biz targ‘ibot ishlarida matbuot vakillariga doimo ko‘mak berish va hamkorlik qilishga tayyormiz. Agar gazetada tahliliy maqolalar ko‘p bo‘lsa, o‘quvchisi ham ko‘p bo‘ladi. O‘zi ixtiyoriy obuna bo‘ladi”, — dedi Shuhrat G‘aniyev.