Toshkentda 2020 yilning yanvar-may oyilari mobaynida 896 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat qayd etilgan bo‘lib, respublikada bo‘ylab salbiy birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda 26 iyun kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisida ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, poytaxtda 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida poytaxt hududida sodir etilgan umumiy jinoyatlar 430 taga yoki 6 foizga kamaygan. 514 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 76 tasida yoki 14,8 foizida jinoyatlar sodir etilmagan, 369 tasida yoki 72,1 foizida kamayishga erishilgan bo‘lib, 40 tasida bu ko‘rsatkich oshgan.

Ta’kidlanishicha, qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining deyarli yarmi yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, respublikada eng yomon salbiy ko‘rsatkich qayd etilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida jinoyat sodir etgan shaxslarning deyarli har uchinchisi yoshlar hamda har to‘rtinchisi ishsizlarni tashkil etadi.

“Achinarlisi, jami 79 nafar voyaga yetmagan shaxs tomonidan 1 tadan qotillik, nomusga tegish, tovlamachilik, transport vositasini olib qochish va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari, 5 tadan og‘ir tan jarohati yetkazish va bosqinchilik, 3 ta firibgarlik, 8 ta talonchilik, 36 ta o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilgan. Poytaxtda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning har o‘n birinchisini o‘g‘rilik, har beshinchisi esa firibgarlik kabi jinoyatlarni tashkil etgan”, — deyiladi xabarda.

2020 yilning 5 oyi mobaynida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar ham majlis ishtirokchilar tomonidan o‘rganilib, kriminogen vaziyatga baho berildi. Jumladan, mahallalar hududida sodir etilgan jinoyatlarning (1 245 ta) jami jinoyatga nisbatan salmog‘i 43 foizni tashkil etib, shu turdagi jinoyatlar ham respublikada salbiy birinchi o‘rinni qayd etgan.

Shuningdek, jami qotillik jinoyatlarining 9 tasi yoshlar, 4 tasi xotin-qizlar, 3 tasi ilgari sudlanganlar, 8 tasi mast holda hamda 14 tasi o‘tkir tig‘li jismdan foydalanib sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Poytaxtda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning har yettinchisi o‘g‘rilik, har beshinchisi esa firibgarlik kabi jinoyatlarni tashkil etganligi xabarda ta’kidlanadi.