Sentyabr oyida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston milliy terma jamoalari o‘rtasida Toshkent shahrida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (UFA) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon Chempionati-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichidagi qoldirilgan uchrashuvlarni oktyabr va noyabr oylarida o‘tkazadi.

«Ushbu bahslarga munosib tarzda tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, milliy terma jamoa uchun sentyabr oyida Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi. Mazkur yig‘in doirasida Vadim Abramov murabbiyligi ostidagi milliy terma jamoamiz Tojikiston bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Tojikiston futbol federatsiyasi bilan kelishgan holda, ushbu uchrashuv 4 sentyabr kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalari sakkiz marta uchrashgan. Bunda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘rtta g‘alabaga erishgan, uchta uchrashuvda g‘olib aniqlanmadi va yana bitta o‘yin Tojikiston terma jamoasi foydasiga yakunlangan. O‘zbekiston va Tojikiston milliy terma jamoalari so‘nggi marta to‘qqiz yil avval — 2011 yil 15 noyabrda Toshkentda uchrashgan.