Toshkentning Sergeli tumani “Choshtepa” mahallasi hududida qurilayotgan metropoliten ko‘prigidan ajralib tushgan beton bo‘lagi Afrosiyob tezyurar poyezdining oynasiga zarar yetkazdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 23 iyun kuni Sobir Rahimov temir yo‘l stansiyasi yaqinida sodir bo‘ldi. 20:05 da Toshkent mintaqasi temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga Afrosiyob tezyurar yo‘lovchi poyezdining elektrovoz oynasiga qattiq jism kelib tegishi natijasida darz ketganligi haqida xabar kelib tushadi.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida temir yo‘l izining ustida o‘tuvchi metropoliten ko‘prigiga maxsus nasos orqali beton quyilgani aniqlandi. Qurilish mahsuloti qotmagan va beton bo‘lagi “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan poyezd oynasi ustiga tushgan.