Qurilish vazirligi Qarshidagi yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar qulab tushgan “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli binoning qurilishi noqonuniy olib borilgani ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Qarshi shahar “Nasaf Travel” mehmonxonasi binosining chap tomonidan qo‘shimcha qurilayotgan 5 qavatli binoning yuk ko‘taruvchi temir-beton konstruksiyalari qulab tushgan edi. Buning oqibatida, 1 nafar ishchi-xodim voqea joyida vafot etgandi. FVV qutqaruvchilari 4 nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Qurilish vazirligining xabarida ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida, “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli ushbu ob’ektidagi qurilish ishlari ro‘yxatga olinmasdan, noqonuniy olib borilgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, “Nasaf-Travel” kompaniyasi Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini belgilangan tartibga muvoffiq xabardor etmagan.

“Inspeksiya tomonidan ushbu ob’ekt qurilishi bo‘yicha buyurtmachi „Nasaf-Travel“ kompaniyasini bir necha bor ogohlantirgan bo‘lishiga qaramasdan, noqonuniy ravishda ob’ektda qurilish-montaj ishlarini davom ettirgan. Va qurilish me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi natijasida mazkur holat kelib chiqqan. Tadbirkorlik sub’ekti qonunda ko‘rsatilgan erkinliklarni suiiste’mol qilgan. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan”, — deyiladi xabarda.