Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 iyun kuni aholi orasida kimlar koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani bo‘yicha qisman ma’lumot berdi.

23 iyun sanasida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 201 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 24 iyun kuni esa 239 nafar bemordan 31 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 18 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin ko‘payganini ko‘rish mumkin, deyiladi xabarda.

️Jumladan, poytaxtning Uchtepa tumanida yashovchi X.Yu.da va shahar xokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimi D.E.da (har ikki holatda ham shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi M.B.da (“EKO” bozoriga borib kelgandan so‘ng tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi M.Q.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan), shu tumanda yashovchi M.X.da. Chilonzor tumanida yashab, Toshkent tumanidagi “Zangiota” bojxona postida faoliyat ko‘rsatuvchi Sh. S.da, “Comfort Leather” korxonasi xodimi va uning 5 nafar oila a’zosida koronavirus tasdiqlangan.

️Bundan tashqari, Sergeli tumanida yashovchi nafaqadagi fuqaro D.A. va uning turmush o‘rtog‘i A.A.da, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ xodimi B.S.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli tez tibbiy yordam chaqirgan), Chilonzor tumanida yashovchi D.S.da (qizi M.X. tana harorati ko‘tarilgani uchun tahlil topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi S.F.da (uy bekasi, homilador, tug‘ruqxonaga yotish uchun namuna topshirgan) ham kasallik qayd etilgan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.