Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2020 yilda jahon yalpi ichki mahsulotining 4,9 foizga tushishini kutmoqda, bu tashkilotning aprel oyidagi prognozidan 1,9 foizga pastroq.

«COVID-19 pandemiyasi 2020 yilning birinchi yarmida jahon iqtisodiy faoliyatiga kutilganidan ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatdi va prognoz qilinishicha, tiklanish avval taxmin qilinganidan ko‘ra bosqichma-bosqich amalga oshiriladi», — deyiladi tashkilot hisobotida.

Xalqaro valyuta fondi 2021 yilda dunyo bo‘yicha o‘sish prognozini ham pasaytirdi — 5,4%. Bu ko‘rsatkich aprel oyida 5,8 foiz etib prognoz qilingandi.

Qayd etilishicha, daromadi past bo‘lgan uy xo‘jaliklari juda qattiq salbiy ta’sir ko‘rmoqda, bu 1990 yillardan beri dunyoda o‘ta qashshoqlik darajasini kamaytirishga erishilgan yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymoqda.

XVJ dunyo bo‘ylab hukumatlarni sog‘liqni saqlash tizimini tegishli resurslar bilan ta’minlashga chorlamoqda. Tavsiya infeksiyaning eng yuqori darajasidan o‘tib bo‘lgan mamlakatlar uchun ham tegishli.

«O‘z-o‘zini yakkalash rejimi zarur bo‘lgan mamlakatlarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan siyosiy choralar iqtisodiy faoliyat cheklovlariga duchor bo‘lgan kompaniyalarni jiddiy va maqsadli qo‘llab-quvvatlash orqali uy xo‘jaliklarining o‘z daromadlarini yo‘qotishini kamaytirishda davom etishi kerak», deya ta’kidlanadi hisobotda.

Iqtisodiyot qayta tiklanayotgan mamlakatlarda tiklanish boshlanganidan joriy etilgan maqsadli yordamni to‘xtatish tavsiya etildi. Uning o‘rniga, ushbu mamlakatlarning «iqtisodiyoti ochilishi bilan siyosiy choralarning asosiy yo‘nalishi tiklanishni rivojlantirishga yo‘naltirilishi» maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi XVJ.


Manba: XVJ

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro valyuta jamg‘armasi aprel oyida taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, tashkilot O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1,8 foizgacha pasayishini prognoz qilgandi. Shu bilan birga, 2021 yilda esa bu ko‘rsatkich 7 foizgacha tiklanishi taxmin qilingan edi.