Bir hafta muddat ichida Respublikaning barcha ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalarida uzluksiz video va ovozni yozib oluvchi jami 497 ta so‘rov xonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda IIV matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVda 27, Toshkent shahar IIBBda 77, Andijon viloyati IIBda 36, Buxoro IIBda 32, Jizzax viloyati IIBda 31, Namangan viloyat IIBda 25, Navoiy viloyat IIBda 25, Sirdaryo viloyati IIBda 16, Samarqand viloyati IIBda 46, Surxondaryo viloyati IIBda 21, Toshkent viloyati IIBda 55, Farg‘ona viloyati IIBda 37 ta, Qashqadaryo viloyatida 25 ta, Xorazm viloyatida 23 ta so‘rov xonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

“Shanba kuni bo‘lib o‘tadigan selektor yig‘ilishida har bir IIO rahbari ushbu buyruqning ijrosi bo‘yicha hisobot berishi lozimligi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Bu kabi chora-tadbirlar 30 may kuni Andijon shahrida sodir etilgan voqea va undan oldin 22 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi IIV xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sabab ko‘rilmoqda. Ushbu voqealar yuzasidan, 16 iyun kuni Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida” farmoyishi qabul qilingan. Unda qator tadbirlar belgilangan, shu jumladan bir hafta muddatda har bir IIO ma’muriy binolarida alohida maxsus xonalar tashkil etilib, videokuzatuv va ovoz yozish moslamalari bilan jihozlash belgilangan.

“Endi biz ko‘ryapmizki, inson huquqlarini poymol qilish bilan bog‘liq harakatlar asosan tergovdan oldin, surishtiruv jarayonida sodir etilmoqda. IIVning asosiy maqsadi haqiqatdan xalqchil, ochiq va shaffof tizim yaratishdir. Bu ishlarni amalga oshirishda biz, mening fikrimcha bir qator ishlarni bajardik, va bular yana davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Agar ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat yetkazilganligi aniqlansa bu favqulotda xodisa sifatida baholanadi. Kechiktirmasdan guruh tuzilib, voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganiladi”, — deya ta’kidlaydi IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov.