O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini aniqlash ko‘lamini kengaytirish va tarqalishining oldini olish maqsadida 24 iyundan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ixtiyoriy murojaat qilgan fuqarolarni ushbu infeksiyaga pullik asosda tekshirishga ruxsat berildi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi.

Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi rahbari Malika Qudratxo‘jayevaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, 25 iyun sanasiga qadar “Tibbiyot dunyosi”, “SWISS LAB”, “VITROS DIAGNOSTICS”, “GENOTEXNOLOGIYA” va “AKFA MEDLINE” singari nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘z laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirish xizmatini yo‘lga ko‘yish bo‘yicha shartnoma imzolashgan.

Ushbu tibbiyot muassasalari laboratoriyalarida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi va belgilangan talablarga javob berishi to‘g‘risida xulosaga kelindi. Unga ko‘ra, Toshkentda birinchilardan bo‘lib “Tibbiyot dunyosi” MCHJ ushbu xizmat faoliyatini 24 iyundan boshlagan bo‘lsa, qolgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham shu hafta ichida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirishni boshlashini ma’lum qilishgan, deyiladi xabarda.