Surxondaryo viloyati Denov shahrida vafot etgan bir nafar bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni ssaqlash vazirligi.

Ma’lum bo‘lishicha, Denov shahrida yashagan, 1961 yilda tug‘ilgan marhum bemor B.X. so‘nggi 5 yildan buyon ikki tomonlama o‘pkaning o‘tkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan. 19 iyun kuni bemor (ayol) murojaatiga ko‘ra, olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shifoxonada bemorga “Ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya. O‘tkir yurak va o‘pka yetishmovchiligi og‘ir darajasi, koronavirus infeksiyasiga gumon” tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, bemorga “O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, surunkali piyelonefrit, kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi” yondosh kasalliklar tashxisi ham qo‘yilgan.

“Bemorga ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan u yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Respublika sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi agentligining maxsus referens laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, marhumdan olingan namunada koronavirus infeksiyasi тасдиқланган. U bilan muloqotda bo‘lgan oila a’zolari, yaqinlari va boshqa fuqarolar qat’iy karantinga olingan bo‘lib, ushbu holat yuzasidan epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi tumanda bir kishi koronavirus infeksiyasidan vafot etganini va marhum bilan muloqotda bo‘lgan 187 nafar fuqaro karantinga olinganini, ulardan 6 nafarida COVID-19 aniqlanganini ma’lum qilgandi. Biroq, bir ozdan so‘ng xabar o‘chirilgan edi.