Darknetdagi forumlardan biriga Telegram ning bir necha million foydalanuvchilari haqida ma’lumotlar, telefon raqamlar va nikneymlar (tahallus) to‘plami shaklida ma’lumotlar bazasi joylashtirilgan. Bu haqda KOD.RU xabar beradi. Faylda shuningdek bazadagi foydalanuvchilar identifikatorlari ham mavjud.

Hozircha bazada qancha foydalanuvchi haqida ma’lumot bor ekanligi borasida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq, fayldagi qaydlar soni 40 mln dan ortiq ekanligini ko‘rish mumkin.

Shu jumladan, Telegram matbuot xizmati bu haqdagi xabarlarni tasdiqladi va bazadagi deyarli 70% akkaunt foydalanuvchilari Erondan, 30 foizi esa Rossiyadan ekanligi haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, Telegram matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bazadagi ko‘pchilik ma’lumotlar 2019 yilga tegishli va uning 60 foizi hozirda aktual emas.

“Ma'lumotlarning 84% dan ortig‘i 2019 yil o‘rtalarigacha to‘plangan. Ushbu ma’lumotlar bazasidagi aksariyat ma’lumotlar (kamida 60%) allaqachon ahamiyatsizdir. Bu esa o‘tgan yili biz ushbu turdagi suiiste’mol qilishlarning ko‘lami va tezligini sezilarli darajada kamaytirganligimizni ko‘rsatishi mumkin”, — deya izohlaydi Telegram matbuot xizmati.

“Gazeta.uz” ushbu ma’lumotlar bazasini tekshirganda, unda 50 mingdan ortiq O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan telefon raqamlari mavjudligini aniqladi. Ma’lumotlar orasida raqamlar qaytarilgan bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, bu raqam aniq vaziyatni ko‘rsatib bermasligini ma’lum qilmoqchimiz.

Ma’lumotlar bazasidagi o‘zbekistonlik raqamlar

Bundan tashqari, Gonkong xabarlaridan so‘ng, “Kim meni telefon raqami orqali kontaktlarga qo‘shishi mumkin” sozlamasi qo‘shilgan. Ushbu sozlama dissidentlar va norozilik namoyishlari faollariga o‘zlarining akkauntlari va telefon raqamlari o‘rtasidagi aloqani butunlay yashirishga imkon beradi.

“Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlar bazalaridagi ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2019 yil yoz oxirida Gonkong foydalanuvchilarining sonini ko‘paytirish to‘g‘risidagi xabarlarga javoban biz qabul qilgan qo‘shimcha choralar samarali bo‘ldi”, — deya ta’kidlab o‘tgan Telegram matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun, yaqinda “Gazeta.uz” Telegram messenjerida yozishmalar maxfiyligi va profil xavfsizligi sozlamalarini o‘rnatish bo‘yicha qo‘llanmasini havola etgan edi.