Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlar yakunlandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.


Avvalroq xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga amaliy tashrifi davomida Moskva shahrining Aleksandr bog‘idagi «Noma’lum askar» yodgorligiga gul qo‘ydi. Prezident insoniyat tinchligi uchun jon fido qilgan vatanparvar insonlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.


Shundan so‘ng davlat rahbari O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi yaqinida joylashgan Islom Karimov xiyoboniga ham tashrif buyurdi. Prezident davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatning birinchi prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.


Prezident Islom Karimov hiyoboniga tashrifi chog‘ida bu yerga yig‘ilgan vatandoshlarni qutladi.