Transport vazirligi bir qator xorijiy mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov 23 iyun kuni AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya, Rossiya, BAA, Janubiy Koreya, Xitoy va Qozog‘iston davlatlari bilan iyul-avgust oylari davomida dastlabki bosqichda xalqaro yo‘nalishlarda paritet tamoyili asosida (qatnovlar soni ikki tomondan ham bir xil bo‘lishi) har bir tomondan muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha takliflar Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etilgan.

Navro‘z Ashurmatov qo‘shimcha qilishicha, xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni tiklash tiklash va amalga oshirish davlatlarda kuzatilayotgan epidemiologik holat hamda xorijiy mamlakatlarda qo‘yilgan cheklov choralari, viza berish tartibi va sanitariya talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

«Aviaparvozlarning qachon va qay tartibda tiklanishi bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining alohida qarori qabul qilinishi lozim», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfi tufayli 16 martdan boshqa davlatlar bilan transport aloqalar to‘xtatilgandi. 15 iyundan boshlab esa O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan davlatlarga xalqaro aviaqatnovlarni tiklashi haqida xabar berilgandi.

Bunda, Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan (yashil reyslar) Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinishi ko‘zda tutilgan.