Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov O‘zbekiston monetar siyosatida miqdoriy yumshatish instrumentini qo‘llash imkoniyati bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

Miqdoriy yumshatish — monetar siyosat instrumenti bo‘lib, bunda markaziy bank naqdsiz pul emissiyasi o‘rniga hukumat, bank va xususiy kompaniyalardan chiqarilish davrida ham, uning kelgusi muomalasi uchun ham qarz qimmatli qog‘ozlarni sotib oladi. Bilvosita ta’sirning an’anaviy instrumentlari ish bermaganda mana shunday siyosat qo‘l keladi. Uning mohiyati ortiqcha bank rezervlari (zaxira bazasi)ni oshirish hamda shuning hisobiga aktivlar hamda foiz stavkalarini mos ravishda pasaytirishdan iborat.

Xabarga ko‘ra, 17 iyun kuni Financial Timesda chop etilgan «Rivojlanayotgan mamlakatlar ham miqdoriy yumshatishdan foydalanishi mumkin» nomli maqolada bugungi kunda iqtisodiyotni rag‘batlantirishda miqdoriy yumshatishdan nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan mamlakatlar ham foydalayotganiga e’tibor qaratilgan. Buni Xorvatiya, Polsha, Ruminiya, Chili va Indoneziya kabi rivojlanayotgan davlatlar tajribasi ko‘rsatmoqda, ular yil boshidan ushbu siyosatni qo‘llab, pandemiya sharoitida belgilangan vazifalarni samarali hal qilmoqda.

«Financial Times maqolasida bayon etilgan holatlar O‘zbekiston uchun pragmatik ahamiyatga ega, ular o‘zbek monetar siyosati uchun ham, fond birjasi uchun ham foydali. Mahalliy sharoitda mavzuning dolzarbligiga alohida e’tibor qaratilib, korporativ obligatsiyalarni chiqarish jarayonini jadallashtirish hamda, eng muhimi, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini erkinlashtirish va rivojlantirish lozimligi ko‘rsatilgan», — deya ta’kidlaydi Otabek Nazirov.

«Davlat va korporativ obligatsiyalar birlamchi bozorida bitimlar tuzilishi mumkinligi jihatidan bunday moliyaviy instrument O‘zbekiston uchun nihoyatda dolzarb deb o‘ylayman. Ayonki, iqtisodiyot, mahalliy kapital bozorini qo‘llab-quvvatlash hamda byudjet defitsitini moliyalashtirish uchun bizda ham QE (quantitative easing) (tah. — miqdoriy yumshatish) siyosatini qo‘llash mumkin, bunda Markaziy bank hukumat (Moliya vazirligi) chiqargan obligatsiyalarni sotib oladi», — deydi agentlik rahbari.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan normativ hujjatlar bazasi ishlab chiqilgani bois birinchi vazifa bo‘yicha qonunchilik muammolari qisman hal qilindi, deya ta’kidlaydi agentlik matbuot xizmati. 19 iyun kuni Oliy Majlisi Senati korporativ MCHJ (AJ soni 600 bo‘lsa, MCHJlar soni 140,000 dan ortiq) larga obligatsiyalarni chiqarish huquqini berish orqali bu jarayonni bir qadar yengillashtiruvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi va qimmatli qog‘ozlar bozori qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi.

«Obligatsiyalarni chiqarishga bo‘lgan talablar anchagina yumshadi va tashqi moliyalashtirishni jalb etish uchun mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga yangi imkoniyatlar yaratildi, endilikda korporativ obligatsiyalarni chiqarish an’anaviy bank kreditiga muqobil bo‘la oladi», — deyiladi Agentlik bergan axborotda.

Financial Times tashqi qarzlari ko‘p bo‘lgan davlatlar uchun miqdoriy yumshatish siyosatini qo‘llash xatarli ekanligini ta’kidlaydi.

«…ichki kapital pulini yaratish va monetar va fiskal organlarga bo‘lgan ishonchni qozonish uchun zarur kompleks ishlar olib borilayotgan qolgan mamlakatlar uchun u (miqdoriy yumshatish — tah.), boshqa variantlar bo‘lmaganda, iqtisodiyotni rag‘batlantirishning foydali vositasiga aylanishi mumkin».

Shu ma’noda Agentlik direktori O‘zbekistonda bu boradagi vaziyatni mo‘’tadil deb baholaydi, bunga mamlakatda monetar oltin va valyuta zaxiralarini oshirish bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilayotganini sabab qilib ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Financial Times da zaxira hamda XMIlaridan xorijiy valyutada olinadigan qarz o‘rtasida muvozanatni saqlash lozimligi alohida ta’kidlanganligini eslatib o‘tadi:

«Pul zarb qilishdan iborat bahsli siyosat xalqaro investorlardan xorijiy valyutada qarz olayotgan va ularning ishonchini saqlab qolishga urinayotgan davlatlar uchun xavfli».

Ma’lumot uchun: Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi 1 iyun holatiga ko‘ra $31.3 mlrd (YAIMning 58.1%i) tashkil etib, 1 aprel holatiga ko‘ra yalpi tashqi qarz $25.1 mlrd (YAIMning 46.6% i)dan iborat.

FT fikriga ko‘ra, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash ularni davlat qarzi o‘sib ketmasligiga ishontirishdan iborat. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun miqdoriy yumshatishni qo‘llashning asosiy mezonidir. Bu ichki bozorning investitsion takliflariga ta’sir ko‘rsatadi. «Agar investorlar mahalliy valyutani chiqarib yuborishsa, tashqi larzalar ta’sir qiladigan mmamlakatlarda hayot og‘irlashadi, agarda ular xorijiy valyutada qarz olgan bo‘lsa, bu vaziyatni yanada murakkablashtiradi», — deyiladi maqolada.

Otabek Nazirov, tashqi qarzning joriy ahvoli hamda makroiqtisodiy barqarorlik ko‘rsatkichlari holati e’tiborga olinsa, bunday mulohazalar o‘zbek iqtisodiyoti uchun ham o‘rinli ekanligini ta’kidlaydi.

«So‘nggi 5 yil ichida valyutadagi tashqi qarz 2 baravardan ortiqqa o‘sdi. Ichki zaxira salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiq deb bilaman, zero mahalliy moliya bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli darajadagi zaxira shakllangan. Tashqi qarzlardan voz kechish kerak emas, ammo ularni milliy valyutada va iloji boricha xo‘jalik sub’ektlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish ma’qul», — deydi Nazirov.

Shu o‘rinda Agentlik direktori o‘ylamasdan xorijiy valyutada qarz olayotgan davlatlar qiynalib qolishi mumkinligini tushuntiradi, Financial Times ham ayni shu jihatga e’tibor qaratgan.

«Moliya bozori yaxshi rivojlanmagan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun qarz olish katta xavf tug‘dirishi mumkin. Valyuta daromadlari tashqi omillarga bog‘liq bo‘lishi (eksport qilinuvchi tabiiy boyliklarga bo‘lgan narxlarning o‘zgaruvchanligi), «uzun pul»ning yo‘qligi, dollarlashish darajasining yuqoriligi kabilar xos bo‘lgan bunday bozorlar muammodan qochib qutulolmaydi», — deya izohlaydi Otabek Nazirov.

Shu bilan birga Financial Times ta’kidlashicha, zahiralarni to‘ldirib, so‘nggi o‘n yillikda qarzlarni nazorat qilib borgan rivojlanayotgan bozorlar endilikda miqdoriy yumshatish siyosatini amalga oshirish uchun o‘zlari yaratgan imkoniyatlardan foydalanishi mumkin.