Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 2176 nafar bemordan 1939 nafari qoniqarli holatda, deya xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov.

215 nafar bemor o‘rta og‘ir, 18 nafari og‘ir, 4 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bemorlarning 130 nafarida pnevmoniya kuzatilyapti.

“Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 59 476 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda. Ulardan 36 667 nafari uy sharoitida, 22 809 nafari statsionar sharoitda karantinga olingan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, mavjud virusologik laboratoriyalarda oxirgi bir kunda 23 310, mavsum davomida 1,078 782ta test sinovi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi 23 iyun kuni mamlakatda qayd etilgan 201 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanganini ham ma’lum qildi.

Toshkentda 9 holatda aholi orasida koronavirus aniqlangan bo‘lib, bunda jumladan, “Asaka bank” tumani filiali xodimi A.G‘.da (tana harorati ko‘tarilgan va poliklinikaga murojaat qilgan), “Ipak yo‘li bank” filiali xodimi M.E.da (shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Uchtepa tumanidagi avtopark haydovchisi B.A.da (tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq bo‘lgani uchun namuna topshirgan), Olmazor tumanidagi nafaqadagi fuqaro G. N.da, Yunusobod tumanida yashovchi D.X.da (Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bilan yotqizilgan) koronavirus aniqlangan.

Surxondaryo viloyati Silga qarshi kurashish dispanseri xodimi F.K. va uning o‘g‘lida, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi A.R.da (tana harorati tushmayotganligi sababli o‘zi borib namuna topshirgan), Namangan viloyati Pop tumani harbiy qism xodimi Sh. N.da (profilaktik tekshiruv mobaynida aniqlangan), ushbu viloyatdagi “Turon Megastroy” korxonasi ishchisi M.B.da (Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘lgan), Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi M.A.da (qurilish kompaniyasida ishlab ketgan), Xorazm viloyatida “Xorazm gilamlari” MCHJning 6 nafar ishchisida koronavirus tasdiqlangan.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi I.N.da (tana harorati ko‘tarilgan va yo‘tal bezovta qilgani sababli namuna topshirgan), Toshkent tumanida yashovchi A.A.da (shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan), Chinoz tumanida yashovchi J.E.da (tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq bo‘lganligi uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.