Keyingi haftadan O‘zbekiston aholisi orasida koronavirus infeksiyasining antitanachalarini tekshirish uchun testlar o‘tkazish boshlanadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda koronavirusga qarshi kurash shtabi xodimi Xabibulla Oqilov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlarni aniqlash, ularni davolash, virus yuqtirgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarni esa karantinga olish masalalari bilan shug‘ullanildi.

«Koronavirusni aniqlash uchun PZR (polimeraza zanjiri reaksiyasi — tahr.) tahlili lozim bo‘ladi. Antitanachalar shakllanishi uchun esa virus yuqtirgan bemorlar tuzalib chiqqan bo‘lishi lozim», — dedi u.

Toshkent tibbiyot tadqiqotlari instituti rektori Xabibulla Oqilovning ta’kidlashicha, immunofermen tahlili orqali antitanachalarni aniqlash karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish uchun zarurdir.

Bugungi kunda turli mamlakatlarda yashovchilar COVID-19 ga qarshi immunitet uchun sinovdan o‘tishmoqda. 1 iyun kuni Yaponiyada favqulodda holat rejimining bekor qilinishi munosabati bilan qancha inson infeksiya yuqtirganini tushunish uchun antitanachalarni aniqlash testlari boshlandi. Sinov natijalari, vaksina yaratilgach, undan qancha kerak bo‘lishini aniqlashga ham yordam beradi.

Moskvada esa aholini koronavirusga qarshi immunitetni testdan o‘tkazish 15 may kuni boshlangan. Dastlab, unda faqat elektron pochta yoki SMS orqali taklif olganlar ishtirok etishlari mumkin edi. 27 maydan boshlab hamma xohlovchilar sinovdan o‘tmoqda. 50 ming kishi tekshirilganidan so‘ng, ularning 12,5 foizida antitanachalar aniqlangan.

Aprel oyi oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir marta koronavirusdan tuzalib, immunitetida antitanachalar shakllangan inson ikkinchi marta kasallik yuqtirib olmasligi borasida ishonchli dalillar yo‘qligini ta’kidladi.

Antitanachalar aslida nima? Antitanachalar — bu juda katta va murakkab oqsil molekulalaridir. Ular organizmda B-limfotsit qon hujayralari tomonidan ishlab chiqariladi. Ayrim turdagi antitanachalar virusni zararsizlantirish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ammo koronavirusni zararsizlantiradigan antitanalar organizmda nisbatan kam miqdorda ishlab chiqariladi. Shu sababli, koronavirusga qarshi vaksina yaratish ancha qiyin. Vaksina esa inson tanasida (ya’ni uning B-limfotsitlarida) aynan zararsizlantiruvchi antitanachalarni ishlab chiqarishni va shu bilan o‘zlarini xavfli infeksiyalardan himoya qilishni o‘rgatadigan dori vositasidir.