Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Mirzajonova AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifing davomida xotin-qizlarga qo‘shimcha grant asosida oliy ta’lim muassasalarga kirish uchun talab qilinadigan hujjatlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, tavsiyanomaga talabgorlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:

  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nomiga ariza;
  • belgilangan mezonlardan birini tasdiqlovchi hujjatlar (ilovasi bilan);
  • ma’lumotnoma-ob'ektivka;
  • umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasidan ma’lumotnoma;
  • pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxalari.

Ta’kidlanishicha, tuman (shahar) bo‘limlari huzuridagi ishchi guruh tomonidan talabgor xotin-qizlarning hujjatlari 24 iyundan 10 iyulga qadar qabul qilish rejalashtirilgan.

Yuqorida keltirilgan mezonlar asosida talabgor xotin-qizlarning hujjatlarini qabul qilish tuman (shahar) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bo‘limlarida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan amalga oshiriladi.

“Tuman, shahar ishchi guruh tarkibiga tuman, shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i, moliya bo‘limi boshlig‘i, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i, maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Yoshlar Ittifoqi tuman, shahar kengashi raisi kiritiladi”, — deya ma’lum qildi Dilshoda Mirzajonova.

Talabgor xotin-qizlarning hujjatlari batafsil ko‘rib chiqilganidan so‘ng, ishchi guruhning xulosasi asosida davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro‘yxati — Ishchi guruhining yig‘ilish bayoni tasdiqlanadi. Keyin tegishli idora va muassasalar quyidagi muddatlarga asosan:

  • O‘qishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning to‘liq hujjatlari (ro‘yxat, tegishli hujjatlari nusxalari, Ishchi guruhi rahbarining yig‘ilish bayonining asl nusxasi) Qoraqalpog‘iston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga 8 iyuliga qadar taqdim etiladi;
  • Qoraqalpog‘iston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan ushbu hujjatlar vazirlikka 10 iyuliga qadar taqdim etiladi;
  • 15 iyulga qadar tegishli tavsiyanomalar xotin-qizlarga beriladi;
  • 20 iyulga qadar tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant kimlarga berilishi va tartibi haqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, xotin-qizlarga beriladigan tavsiyanomalar quyidagi mezonlardan biri asosida beriladi:

  • kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
  • shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
  • oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).