AQSH prezidenti Donald Tramp yil oxirigacha chet ellik mutaxassislar, ularning oila a’zolari va mavsumiy ishchilar uchun ish vizalarini berishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish qarorini qabul qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Tramp mazkur qarorni koronavirus pandemiyasi davrida AQSH ishchilarini himoya qilish va ularni ustuvor o‘rinda ish bilan ta’minlash maqsadida qabul qilganini aytdi. Cheklov yil yakuniga qadar davom etadi. “Ba'zi istisnolardan tashqari, ko‘plab amerikaliklar ishsiz qolgan paytda biz chet el ishchilarining AQSHga kirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ko‘pgina ishchilar koronavirus tufayli o‘zlarining aybi bilan zarar ko‘rdilar va yangi chet el ishchilari bilan almashtirilganda ular chetda qolmasliklari kerak”, — dedi AQSH prezidenti.

Qarorga ko‘ra, cheklovlar H-1B, H-2B, H-4, L-1 va ba’zi J-1 vizalariga tegishli bo‘ladi. H-1B vizalari — bu asosan texnologiya sohasidagi malakali mutaxassislarga ishlash uchun ruxsatnomalar. H-4 vizalari H-1B viza egalarining turmush o‘rtoqlariga beriladi. J-1 vizalari fan vakillariga beriladi va L-1 vizalari AQSHga ko‘chib o‘tishdan oldin xuddi shu kompaniyada ishlashga ketgan top-menejerlarga beriladi. H-2B vizalari mavsumiy ishchilar uchun qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati H-1B viza dasturini isloh etishni rejalashtirmoqda. Xususan, mazkur dastur doirasida eng yuqori ish haqqi taklif etiladiganlarga va eng yuqori malakali talabgorlarga ustuvorlik berib, ishga qabul qilinishini ko‘zda tutiladi.

“Fuqarolarimizning hayoti va ishini himoya qiladigan immigratsiya tizimini yaratish bizning ma’naviy burchimizdir”, — deya ta’kidladi Donald Tramp.

Ma’lumot uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati tomonidan mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilinganidan beri 21 milliondan ortiq amerikaliklar (aholining 13,3 foizi) ishsizlik uchun yordam so‘rab murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH rahbari 22 aprel kuni mamlakatga immigratsiyani 60 kunga to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.