Joriy yil 5 yanvar kuni “Qo‘qon-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida yashash xonadonidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan K. Yuldashevning qotili aniqlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati Toshkent viloyat IIBB axborot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Marhum K. Yuldashev (1962 y. t.) boshqaruvida bo‘lgan bo‘lgan Cobalt avtomashinasi 8 yanvar kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahar Yangiobod mahallasi hududida, uning murdasi esa tan jarohatlari bilan “Angren” daryosi qirg‘og‘idan topilgan edi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Prokuratura xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv surushtiruv ishlari davomida mazkur mudhish jinoyat ishi fosh etildi.

Ushbu jinoyatni mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi U.Yo. (1998 y. t.) tomonidan sodir etilganiga yetarli ma’lumot va dalillar to‘planib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Gumonlanuvchi U.Yo. aybiga iqrorligini o‘z arizasida ham bayon qilgan.

Shuningdek, surushtiruvlar davomida gumonlanuvchi U.Yo. ning Ohangaron va Olmaliq shaharlarida sodir etgan boshqa (o‘g‘irlik) jinoyatlari ham fosh etilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishlari yuzasidan Ohangaron shahar IIB TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.