1 iyuldan boshlab noshirlik faoliyati uchun endi litsenziya talab etilmaydi, deya xabar berdi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab noshirlik faoliyati uchun litsenziya, matbaa faoliyati uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, endilikda tadbirkor noshirlik yoki matbaa faoliyatini boshlaganidan keyin 10 kun ichida Davlat xizmatlari markazlari (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xabarnoma yuborishi kifoya bo‘ladi. Xabarnoma yuborilganidan keyin 1 ish kunida tasdiqnoma elektron ko‘rinishda xabardor qiluvchiga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi prezident qaroriga asosan noshirlik faoliyati uchun litsenziya bekor qilingandi.