O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23−24 iyun kunlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Tashrifning birinchi kuni dasturiga muvofiq, oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining muhim masalalari ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.

24 iyun kuni davlat rahbari fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidentining paradda qatnashishi haqida avvalroq Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabar bergan edi.

Oldinroq, Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida 12 mamlakat harbiylari qatorida O‘zbekiston vakillarining qatnashishi haqida xabar berilgan edi.