AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tasdiqlangan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar 9 milliondan oshdi.

Qayd etilishicha, umumiy COVID-19 bilan zararlanganlardan 4,5 mln nafari mazkur infeksiyadan tuzalgan va 472 ming nafari esa vafot etgan.

Eng ko‘p koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar AQSHda qayd etilgan — 2,31 mln nafar bemorda. Ikkinchi o‘rinda Braziliya joylashib, hozirda mamlakatda 1,1 mln dan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Rossiyada esa 591 mingdan ortiq koronavirus holatlari tasdiqlangan.

Qo‘shni Qozog‘istonda 18,2 mingdan ortiq, Qirg‘izistonda 3519 nafar, Tojikistonda 5513 nafar va Afg‘onistonda 29 mingdan ortiq koronavirus bemorlari aniqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni koronavirus pandemiyasini e’lon qilganida, dunyo bo‘ylab ushbu infeksiya bilan kasallanganlarning umumiy soni 118 minga teng edi. 2 aprel kuni esa bemorlar soni 1 mln dan oshgani e’lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 6500 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda mamlakatda 4450 nafar COVID-19 ga chalingan fuqarolar sog‘aygan va 2031 kishi davolanmoqda. O‘n to‘qqiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.