Buxoro viloyatida qariyb 13,4 ming nafar ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha «Manzilli reja» va «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, yil boshidan 11,4 mingdan ziyodroq ishsiz yoshlar doimiy ish o‘rni va barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi. Bu haqda prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Ayni vaqtda karantin davrida ish o‘rnini yo‘qotgan yoki xorijdagi muhojirlikdan qaytgan 5,3 mingdan ziyod yoshlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, viloyatdagi ishsiz yoshlar, ular bilan ishlashga mas’ul mutasaddilar bilan muloqotlar tashkil etildi. Uch kun ichida viloyatning barcha tuman-shaharlarida o‘rganishlar olib borilib, ish beruvchilar va ishsiz yoshlar kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga kirishildi.


Xususan, Buxoro shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli 157 ta uy hamda 866 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari 430 dan ziyod bo‘sh ish o‘rniga ega ekani aniqlanib, ish beruvchilar va nomzodlar o‘rtasida muloqot tashkil etildi. Unda 82 ta qurilish tashkiloti rahbarlari va 180 nafar ishsiz yoshlar qatnashib, dastlabki kunning o‘zida qariyb 100 nafar yigit shahardagi qurilish ob’ektlariga ishga qabul qilindi.

Qayd etilishicha, bu yil Buxoro shahridagi 866 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti qurilib, ishga tushirilgach, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Jumladan, «Buxoro siti» tarkibidagi Karvon shopping savdo majmuasida 3 mingga yaqin doimiy ish joyi ochiladi. Ularning aksariyatida yoshlar ish boshlaydi.