19 iyun kuni Belarus prezidentligiga nomzodlar uchun saylovchilar imzosini yig‘ish tugadi. 12 iyun kuni Aleksandr Lukashenko 1,5 mln atrofida saylovchilar imzosini yig‘ganligini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uning asosiy raqobatchisi “Belgazprombank"ning sobiq rahbari Viktor Babariko uchun 426 ming imzo yig‘ilgan. Yuqori texnologiyalar parkining sobiq rahbari Valeriy Sepkalo 200 ming, Andrey Dmitriyev va Svetlana Tixanovskaya 100 mingdan saylovchilar imzolarini yig‘ishgan.

Saylovchilarni ro‘yxatga olish 5 iyuldan 14 iyulgacha davom etadi. 100 ming nafar saylovchilar imzosini yig‘gan nomzodlar avgust oyidagi prezidentlik saylovlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar.

Belaruslik huquq himoyachilarining ma’lum qilishicha, may oyida aktivistlarga qarshi boshlangan repressiyalar hali ham davom etmoqda, saylovoldi jarayoni qo‘rqitish ruhida o‘tmoqda. Shunga qaramasdan, prezidentlikka nomzod sifatida alternativ nomzodlarning ko‘rsatilishi uchun namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

6 maydan 13 mayga qadar Belarusning 17 ta shahrida tinch namoyishlarda qatnashgan 120 dan ortiq shaxslar qamoqqa olingan. Ular orasida oppozitsion blogerlar, jurnalistlar va hukumatning boshqa tanqidchilari bor. O‘shanda fuqarolarga “sanksiyalashtirilmagan ommaviy tadbirlarda qatnashganligi uchun” 25 sutkagacha qamoq jazosi belgilangan.

Amaldagi prezident Lukashenkoning raqobatchilari huquqni muhofaza qilish organlari bilan katta muammolarga duch kelishmoqda.

Avval saylovda o‘zi qatnashmoqchi bo‘lgan, lekin Markaziy saylov komissiyasi ruxsat bermaganidan keyin rafiqasi, Svetlana Tixanovskaya, nomzodini ilgari surayotgan videobloger Sergey Tixanovskiy Grodnodagi namoyishlardan birida militsiya xodimlari bilan tortishgani uchun hibsga olingan. Tixanovskiy va uning tarafdorlariga nisbatan “jamoat tartibini qo‘pol buzadigan harakatlarni tashkillashtirish va tayyorlash” bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Bundan tashqari, Svetlana Tixanovskaya saylovoldi kampaniyasida qatnashayotganligi uchun farzandlari borasida tahdidlar kelib tushayotganligini ma’lum qilgan edi.

Sergey Tixanovskiy masalasi bo‘yicha Aleksandr Lukashenko: “xotini uchun tirishyapti. Tushunadiku, Belarusda xotini uchun hech kim ovoz bermasligini. Bizda Konstitutsiya ayol uchun emas. Jamiyatimiz ham ayol uchun ovoz berishga tayyor emas”, — deya fikr bildirgan.

Lukashenkoning asosiy raqiblaridan hisoblangan Viktor Babariko ham muammolarga duch kelmoqda. U 2000 yildan beri Rossiyaning Gazprombank kompaniyasi tizimidagi tashkilot hisoblanmish Belgazprombank rahbari edi. 2020 yil 12 may kuni esa prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun iste’foga chiqqan.

11 iyun kuni Belgazprombank ofisiga huquqni muhofaza qilish organlari tashrif buyurib, tintuv o‘tkazishgan. Kompaniyaning 15 ta xodimi hibsga olinib, ularga nisbatan jinoiy faoliyat orqali orttirilgan katta miqdordagi moddiy boyliklarni qonuniylashtirish, soliqlardan qochish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

18 iyun kuni Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) xodimlari tomonidan Viktor Babariko uyida tintuv o‘tkazilgan, Babariko va uning o‘g‘li Eduard qo‘lga olingan, ular Belarus KGBsining Minskdagi SIZOsida saqlanishmoqda. Qo‘yilgan ayblovlarga qaramasdan, Babariko shtabi uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni taqdim etdi.


Viktor va Eduard Babariko. Foto: nomzodning saylov shtabi

Undan tashqari, Babariko oilasining o‘rtog‘i Svetlana Kupreyeva ham hibsga olingan. Lekin, Babariko shtabining ma’lumotlariga ko‘ra, Kupreyeva na Belgazprombankda, na ushbu bank jinoyat ishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda faoliyat olib bormagan.

Oqibatda, Babarikoning tarafdorlari Minsk ko‘chalarida o‘z noroziligini bildirish uchun namoyish o‘tkazishdi. 18−19 iyun kunlari militsiya tomonidan 120 dan ortiq kishi hibsga olingan. Ularning orasida 10 nafarga yaqin mahalliy va xalqaro jurnalistlar bo‘lgan. Yuzlab fuqarolar “birdamlik zanjiri” tashkil etishgan.

Mahalliy hukumat ushbu namoyishlar “Ommaviy tadbirlar” to‘g‘risidagi qonunga zid ravishda, ya’ni Minsk shahri ijro qo‘mitasini ogohlantirmasdan tashkil etilganligi bois, sanksiyalashtirilmagan tadbir ekanligini aytmoqda. “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qoidalar buzilganligi uchun ushbu tadbir tashkilotchilari va qatnashchilari javobgardirlar”, — deya ta’kidlagan Minsk shahri ijro qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Artem Suran.

“So‘nggi sutkalardagi vaziyatni kuzatib, mamlakatdagi vaziyatni izidan chiqarish uchun ba’zi kuchlarning faollashganini ko‘ryapman. Biz ancha oldin ham buni kuzatgan edik. Lekin baribir biz bir nechta qadam oldinlab, Belarusdagi vaziyatni destabilizatsiya qilish va mamlakatni yangi „Maydon“ yoqasiga olib kelish bo‘yicha ulkan rejalarni to‘xtatdik. Faqat o‘z yurtiimizda bo‘lgan qo‘g‘irchoqlarni emas, balki Belarus tashqarisida o‘tirgan qo‘g‘irchoq o‘ynatadiganlarning ham niqoblari yechib tashlandi”, — deydi Lukashenko.

Yevropa parlamenti ushbu hibsga olish ishlarini qoralab, Babariko va uning o‘g‘lining qo‘yib yuborilishini so‘rab, Belarus hukumatiga murojaat qildi.

Yevroparlament deputatlari o‘z murojaatida Aleksandr Lukashenkodan quyidagi prinsiplarga rioya qilishni so‘rashdi:

  • siyosatchilarni, fuqaroviy va oppozitsiya faollari, prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lganlar, jumladan Sergey Tixanovskiy va Viktor Babarikolarni ta’qib qilishni to‘xtatish; qamoqqa olinganlarni, xususan Pavel Severins va boshqalarni, qo‘yib yuborish;
  • yetarlicha imzolarni to‘plagan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hech qanday ma’muriy to‘siqlarsiz ruxsat berish;
  • barcha nomzodlar uchun teng agitatsiya sharoitlarini yaratish, shu jumladan OAVda ham;
  • erkin, adolatli va shaffof saylov jarayonini tashkil etilishini kafolatlash;
  • natijalardan qat’iy nazar ularni qabul qilish majburiyatini ommaviy tan olish;
  • agar u prezident saylovlarida g‘alaba qozonsa, parlament saylovlarining erkin va demokratik ruhda o‘tishini ta’minlashga va’da berish.

“Aleksandr Lukashenko Yevropa Ittifoqi (YeI) bunday harakatlarga chidamasligini va ularning oqibatlari bo‘lishini, xususan alohida shaxslar va tashkilotlar, guruhlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi, va YeIning Belarusga ko‘rsatadigan moliyaviy yordamiga ta’sir qilishini tushunishi kerak”, — deyiladi bayonotda.

Yevroparlament a’zolari agar Belarus fuqarolarining ovozlari “yana inkor qilinsa, demokratik hamjamiyat shaxsan Lukashenkoga, uning siyosiy doiralari va repressiv strukturasiga qattiqroq munosabat bildirishi uchun” iloji boricha harakat qilishlarini aytishgan.

“Ushbu saylov natijalari va ularning qanday o‘tishi Yevropa ittifoqi va Belarus o‘rtasidagi aloqalar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — deyiladi murojaatda.