Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazoratini ta’minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi, deya xabar qildi “Koronavirus-info” Telagram-kanali.

Xususan, Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan “qizil” hududlarni blokpostlar o‘rnatgan holda mahalla, dahalar va ko‘chalar kesimida yopilishi, karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilishi belgilandi.

️Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ularning hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazish huquqi berildi. Endilikda yuqoridagi toifa davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin muddatini davlat tomonidan bepul ta’minlanadigan karantin markazlarida yoxud haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Fuqarolar karantin nazorati davrini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan mehmonxonalar ro‘yxatini Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Fuqarolar karantin nazorati davrini mehmonxonada o‘tkazishda Karantin nazorati davrini mehmonxonalarda o‘tkazishning vaqtinchalik tartibiga qat’iy rioya etishlari talab etiladi.