Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2020−2021 o‘quv yilida ham variativ o‘quv rejalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlari davom ettiriladi va tanlov yo‘nalishlari soni esa oshiriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2019−2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan tajriba-sinov 10−11-sinflar uchun joriy etilgan ixtiyoriy fanlarni tanlash tizimi kelasi o‘quv yili ham davom etadi.

Bundan asosiy maqsad maktab o‘quvchilarning o‘zi qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va yuqori sinflarda o‘quv jarayonini kasblarga yo‘naltirilgan holda tashkil etishdan iboratdir.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-, 8- va 9-sinflarida ham tanlov sinfini tashkil etish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, танлов sinflari yo‘nalishi 5 tadan 12 taga oshirilishi ham asosiy o‘zgarishlardan biri hisoblanadi. Bunda 2020−2021 o‘quv yilida quyidagi yo‘nalishlar tanlovi yaratilmoqda:

  • birinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — xorijiy til va filologiya yo‘nalishi;
  • ikkinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — moliya — iqtisod yo‘nalishi;
  • uchinchi yo‘nalish: 7−8−9−10−11-sinflar uchun — veb-frilanser (internet tarmog‘i orqali mehnat daromadi olish) yo‘nalishi;
  • to‘rtinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — texnologiya yo‘nalishi;
  • beshinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — tabiiy fanlar yo‘nalishi;
  • oltinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish;
  • yettinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi;
  • sakkizinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — kimyo texnologiya yo‘nalishi;
  • to‘qqizinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — geografiya va geologiya yo‘nalishi;
  • o‘ninchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — maktabgacha ta’lim va psixologiya yo‘nalishi;
  • o‘n birinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — tarix va arxeologiya yo‘nalishi;
  • o‘n ikkinchi yo‘nalish: 10−11-sinf uchun — turizm yo‘nalishi.

Xabarda qayd etilishicha, 10−11-sinflarning tanlov sinfida variativ o‘quv rejani tajriba-sinovdan o‘tkazishda 9 ta majburiy fan o‘qitiladi: ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, tarbiya, matematika, informatika, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik.

Tanlov fani bo‘yicha qo‘shimcha ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • o‘quvchilarga fanlarni chuqur o‘rgatish va tegishli mavzularga doir qo‘shimcha ma’lumotlar berish;
  • o‘quvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash;
  • “Khan Academy O‘zbek — Onlayn ta’lim platformasi” ta’lim resurslaridan foydalanish;
  • qo‘shimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar (DTM saytidagi namunaviy testlar) yechish;
  • oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini jalb qilish;
  • o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.

Xabarda ta’kidlanishicha, variativ o‘quv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy bo‘lib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Xalq ta’limi vazirining variativ o‘quv tizimiga tegishli buyrug‘iga asosan 2020−2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada belgilangan umumiy haftalik dars soatlari hajmi saqlanib qolinadi. Shu bilan birga, Respublika ta’lim markazi 1 avgustiga qadar variativ o‘quv rejalar bo‘yicha namunaviy taqvim-mavzu rejalarni ishlab chiqarishi buyruqda ko‘zda tutilgan.