Toshkentning Sergeli tumani hududidagi 13 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini to‘liq hamda 6 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududining bir qismi yangi tashkil etilayotgan Yangihayot tumani tarkibiga o‘tkaziladi. Bu haqdagi tegishli hokim qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi.

To‘liq holda yangi tuman hududiga o‘tayotgan mahallalar — Al-Farg‘oniy, «Viqor», «Chorbog‘», «Yorqin hayot», «Yo‘ldosh», «Charog‘on», «Do‘stlik», «Navqiron», «Olchazor», «Tashabbus», «Yangi umid», «Yangi Choshtepa», «Xumo».

Hududining bir qismi yangi tumanga qo‘shilayotgan mahallalar — «Daryo bo‘yi», «Qipchoq», «Sofdil», «Past darxon», «Jo‘nariq», «Choshtepa».

Ma’lumot uchun, Sergeli tumani hududida 47 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 29 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Sergeli tumanida barpo etilgan yangi turar joy mavzesiga tashrifi chog‘ida ushbu hududda poytaxt hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan alohida — Yangihayot kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirgandi.

Shuningdek, davlat rahbari mazkur tumanga hokim sifatida Xayot Inogamovni taklif qilgandi. U hokimlikka taklif qilinganidan qadar Toshkent shahar hokimligida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari bo‘lgan.